2017 yil 7 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi poytaxti Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekistin Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Armaniston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Edvard Nalbandyan, Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Kayrat Abdraxmanov, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirodjidin Aslov, Moldova Respublikasi Tashqi ishlar va Yevropa bilan integratsiya vaziri o‘rinbosari Lilian Dariy, Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xalaf Xalafov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xajiyev va MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etishdi.

Yig‘ilishga Rossiya tomoni raislik qildi.

Delegatsiyalar rahbarlari tashkilot faoliyatining turli yo‘nalishlaridagi hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, xalqaro va mintaqaviy masalalardagi uning roli va o‘rnini ko‘tarishni muhokama qildilar.

Tadbirda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish hamda MDH ishtirokchi-davlatlarining barqaror rivojlanishini ta'minlashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Kun tartibiga ko‘ra, MDH ishtirokchi davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan 15 ta hujjat ko‘rib chiqildi. Ulardan 9 tasi Hamdo‘stlikning Davlat rahbarlari kengashi va may oyida bo‘lib o‘tadigan Hukumat rahbarlari kengashiga muhokama uchun kiritiladi.

Hujjatlar Hamdo‘stlik mamlakatlarining tashqi siyosat, huquqiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligi masalalarini qamrab oladi.

Ishtirokchilar xristian, musulmon va boshqa konfessiyalarni kamsitish va ularga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida Bayonotni qabul qildilar. Hujjatda diniy mansublik va e'tiqodiga asoslangan holda ayrim shaxslarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish, kuch ishlatish va terrorchilik harakatini amalga oshirish holatlari davom etayotganligi sababli xavotir bildirilgan. Xristian, musulmon va boshqa konfessiya vakillariga nisbatan murosasizlik qilish, ularni kamsitish, kuch ishlatish hamda terrorchilik harakatlarining barcha ko‘rinishlari qat'iy qoralanadi. Tomonlar xalqaro hamjamiyatning mazkur yo‘nalishdagi pozitsiyalarini birlashtirish bo‘yicha sa'y-harakatlarni yanada olg‘a surish maqsadini bildirishdi.