19:25 / 10.04.2017
7620

2016 yilda 2-3 yoshli farzandlari bo‘lgan 22 ming nafar ayolga 7 yarim milliard so‘mdan ko‘proq moddiy yordam berildi

Qonun hujjatlariga binoan O‘zbekistonda mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik to‘rtta, ya'ni umumrespublika, tarmoq,  hududiy va lokal miqyoslarda amalga oshiriladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi matbuot xizmati.

O‘zbekiston  Respublikasi Vazirlar  Mahkamasi, O‘zbekiston kasaba  uyushmalari  Federatsiyasi Kengashi,   O‘zbekiston  Savdo-sanoat palatasi  o‘rtasida  2017-2019 yillar uchun tuzilgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid Bosh kelishuv umumrespublika miqyosida ijtimoiy sheriklikning asosiy hujjati hisoblanadi. Bosh kelishuv asosida respublikada 95 ta tarmoq, 14 ta hududiy kelishuvlar, bevosita korxona, tashkilotlarda esa 158 mingdan ortiq jamoa shartnomalari amal qilmoqda.

Bugungi kunda Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali xodimlarning to‘la bandligini ta'minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalari hal etilmoqda. Jamoa shartnomalari va kelishuvlariga xodimlar mehnatiga haq to‘lashni tashkil etishga, ustamalar, qo‘shimcha to‘lovlar va kompensatsiyalarni o‘rnatish tartibiga oid aniq va batafsil me'yorlar kiritilmoqda. 

Ta'kidlash joizki, Yagona tarif setkasiga nisbatan oshirilgan tarif koeffitsiyentlarini o‘z ichiga olgan tarmoq va lokal tarif setkalarini joriy etish yo‘li bilan mehnat haqi miqdorlarini jamoa-shartnomaviy tarzda o‘rnatish masalasiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Buning natijasida turli sohalarda mehnat qilayotgan kasaba uyushma a'zolaridan qariyb 940 ming nafarining ish haqi oshirilgan tarif koeffitsiyentlari bo‘yicha hisoblab to‘lanmoqda. 

Jamoa shartnomalari va kelishuvlarida mehnat havfsizligi darajasini oshirish, ish o‘rinlarida sanitar-gigiyenik vaziyatni yanada yaxshilash, xodimlarni yakka tartibdagi va jamoaviy himoya vositalari, sanitar-maishiy xonalar bilan ta'minlash, ish o‘rinlarini shahodatdan o‘tkazish, mehnat muhofazasi qoidalariga o‘rgatish, tegishli tartibda xodimlarga imtiyoz va kompensatsiyalar berish masalalariga ham katta e'tibor qaratilmoqda. 

Jamoa shartnomalariga kiritish orqali ish vaqti va dam olish vaqtini tartibga solish borasida aksariyat korxona va tashkilotlarda asosiy uzaytirilgan va qo‘shimcha ta'tillar o‘rnatilgan. Shuningdek, ish stajiga qarab qo‘shimcha ta'tillar berish tartibi joriy etilgan. Natijada har yili 2 million nafardan ziyod xodim asosiy uzaytirilgan, 3 million nafarga yaqin xodim esa yillik qo‘shimcha ta'tillardan foydalanmoqda.

Ijtimoiy kafolatlar, sog‘liqni muhofaza qilish, xodimlar va ularning oila a'zolarini, shu jumladan, bolalarni sog‘lomlashtirish masalalari jamoa kelishuvlari va shartnomalarining muhim bo‘limi hisoblanadi. Xususan, o‘tgan 2016  yilda jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan 4 ming 865 ta yosh oilaga uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar harid qilish hamda uy-joy qurish uchun foizsiz csudalar ajratildi. Ijtimoiy himoyatalab oilalar vakillaridan 81 ming 423 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi, ushbu maqsadlar uchun kasaba uyushmalari va ish beruvchilar hisobidan 46 mlrd. 147,3 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Shu bilan birga korxona va tashkilotlarda jamoa shartnomalari orqali boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan oilalardan bo‘lgan xodimlarning 60 ming 681 nafar farzandlari uchun 3 mlrd. 517,9 mln. so‘mlik o‘quv anjomlari sotib olindi. Ikki yoshdan uch yoshgacha farzandlari bo‘lgan 22 ming 431 nafar ayolga 7 mlrd. 677,7 mln. so‘m miqdorida moddiy yordam berildi. Nodavlat sektoridagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan 10 ming 250 nafar bolali ayolning oylik maoshi saqlangan holda ish haftasini 1 soatga qisqartirish uchun korxonalar hisobidan 1 mlrd. 813,2 mln. so‘m sarflandi. Yosh bolali ishovchi ayollardan 72 ming 905 nafariga ikki yoshga to‘lmagan farzandini ovqatlantirish uchun haq to‘lanadigan tanaffuslar o‘rnatildi. Shuningdek, 70 ming 688 nafar xodim va ularning oila a'zolari korxona va tashkilotlar mablag‘lari hisobidan sog‘lomlashtirildi hmda ushbu maqsadlarga 2,8 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Shuni ham alohida ta'kidlash zarurki, barcha jamoa shartnomalari va kelishuvlariga ayollar va yoshlar mehnatini tartibga solish bo‘yicha me'yoriy bo‘limlar kiritilgan bo‘lib, ularda ishga qabul qilish uchun eng kichik yoshga og‘ishmay rioya qilish, majburiy va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, kamsitmaslik va teng ahamiyatli mehnat uchun teng haq to‘lash prinsiplariga rioya etish borasida ish beruvchilarning majburiyatlari kiritilgan. 

Jamoa shartnomalariga kiritilgan yangi tadbir va imtiyozlar natijasida joriy yilda jamoa kelishuvlari va shartnomalari vositasida 15 ming nafar pensiya yoshidagi shaxslarga pensiyaga chiqishidan oldin bir yo‘la moddiy yordam berish va ularni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash, 14 ming nafar xodimga yubiley sanalari munosabati bilan qimmatbaho sovg‘alar topshirish, 55 ming nafar ishlamaydigan pensionerga moddiy yordam ko‘rsatish, korxonalar xodimlarining 5  ming nafar farzandiga chet tillarni o‘rganishida moddiy ko‘maklashish, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 2,5 ming nafar iqtidorli, kam ta'minlangan va chin yetim talabaning o‘quv shartnoma pullarini qisman qoplash, 1,5 ming nafar xodimga safarbarlik zaxirasidagi harbiy xizmatga chaqirilishi munosabati bilan foizsiz ssudalar berish rejalashtirilgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, amaldagi jamoa shartnomalarining deyarli 70 foiziga ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligini albatta olish lozimligi to‘g‘risidagi band kiritilgan. Shuni ham ta'kidlash zarurki, keyingi yillarda Jamoa shartnomalari xodimlarning bevosita va bilvosita daromadlarini oshirish manbaiga aylandi. Xususan, korxona, tashkilot va muassasalarda o‘rta hisobda bir xodimga oylik maoshdan tashqari Jamoa shartnomasi orqali sarflangan mablag‘ miqdori bundan 4-5 yil avval o‘rtacha 500  ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yil davomida 2,3  mln. so‘mni tashkil etdi.

Mavzuga oid
Top