Fan-texnika | 19:17 / 10.04.2017
88885
3 daqiqa o‘qiladi

2017 yilning eng qimmat 7 avtomobili

Hozircha, yilning to‘rtinchi oyi o‘tayotganiga qaramay, Mercedes kompaniyasidan tortib Lamborghini firmasigacha chin ma'noda ajoyib avtomobillarini namoyish etishga ulgurdi. Quyida 2017 yil boshidan shu paytga qadar taqdim etilgan eng qimmat sedan va yo‘ltanlamaslar yettiligini e'tiboringizga havola qilamiz. 

1. Uzoq kutilgan Lamborghini Huracán Performante Jyeneva avtoko‘rgazmasida taqdim etildi. Uning 5,2 litr, 10 silindrli dvigateli 640 ot kuchini taqdim etadi.

275 ming dollar atrofida turuvchi avtomobil atigi 3 soniyada soatiga 100 km tezlikka erishadi. 

2. Germaniyaning Mercedes-Benz kompaniyasi dunyodagi eng qimmat yo‘ltanlamasni ishlab chiqdi. Bu Landaulet G650. Mart oyida Mercedes-Maybach qatorini to‘ldirgan avtomobil 666,4 ming dollarga baholandi.

Kompaniya undan atigi 99 dona ishlab chiqaradi. 

3. Yodingizda bo‘lsa, Rolls-Royce Jyeneva avtosalonida haqiqiy olmoslar bilan jilolangan avtomobilni namoyish etgan edi.

Kompaniya har bir avtomobilga mingtadan olmos to‘g‘ri keladigan bo‘yoqni ishlab chiqdi. Diamond Stardust bo‘yog‘i bilan hashamatli Rolls-Royce Ghost ustki qismi bo‘yaladi.

Rolls-Royce bu bo‘yoqning narxi qancha turishini ma'lum qilmagan bo‘lsa-da, biroq Ghost 300 ming dollardan boshlanishi aniq. Avtomobil shaxsiy buyurtma asosida ishlab chiqilgan. 

4. Ajoyib Ferrari 812 Superfast ham Jyeneva motorshousida namoyish etilgan edi. 6 litr hajmga ega 12 silindrli dvigatel 780 ot kuchiga ega.

Uning eng yuqori tezligi soatiga 340 kmni tashkil etadi va 3 soniyada “yuz”ga chiqa oladi. Mashinaning aniq narxi noma'lum, ammo u 320 ming dollar turuvchi Ferrari F12 Berlinetta o‘rnini egallashi aytilmoqda. 

5. Ikkinchi avlod McLaren Super Series — ajoyib harakatlanish vositasi. Yangi McLaren 720S 4 litr, 8 silindrli, juft turbokuchaytirgichga ega dvigatel bilan jihozlangan. U avtomobilni 710 ot kuchi bilan ta'minlaydi.

Mashina soatiga 341 kmgacha harakatlana oladi va 2,9 soniyada 100 km/soat tezlikka chiqadi. Bloomberg agentligiga ko‘ra, 720S 290 ming dollar atrofida sotiladi. 

6. Mana bu mashinaga universal bo‘lgani uchun past nazar bilan qarash kerak emas. Porsche Panamera Sport Turismo 6 silindr, juft turbokuchaytirgichga ega motor bilan jihozlangan. U 550 ot kuchi bilan ta'minlaydi.

100 ming dollardan biroz arzonroq turuvchi universal 3,5 soniyada “yuz”ga chiqadi. 

7. Va nihoyat, shu bahorda Lamborghini Aventador S 421 350 dollardan sotuvga chiqadi.

Unga  6,5 litr, 12 silindrli dvigatel o‘rnatiladi. U mashinani 730 ot kuchi bilan ta'minlay oladi. Aventador eng yuqori tezligi soatiga 250 kmni tashkil etadi. 

 

 

Mavzuga oid