16:50 / 10.04.2017
12145

Chempionlikni «istamayotgan» «Barsa», nomiga yarashmayotgan Der Klassiker va uik-endning boshqa yorqin lahzalari

O‘tgan hafta uik-endi bir qator qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Madrid derbisi, «Barselona»ning kutilmagan mag‘lubiyati, «Bavariya»ning nemischa klassikodagi benefisi. Tribuna.Uz shu kabi yorqin lahzalarni yodga olib o‘tdi.

Chempion bo‘lishni «istamayotgan» «Barselona»

Ispaniya chempionati yakuniga yetgan sari unda «Real»ning chempion bo‘lishi aniqroqdek ko‘zga tashlanmoqda. Madridliklar eng qiyin raqibga qarshi ochko yo‘qotgan uchrashuvda ham «Barselona» bilan oradagi farqni uzaytirishga muvaffaq bo‘lmoqda. Bu tur xuddi shunday vaziyatni keltirdi. «Real» o‘z uyida «Atletiko»ni qabul qilib, so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqardi

«Barselona» esa bundan foydalanish o‘rniga «Malaga»da imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Enrike «Barselona» g‘alaba qozonish uchun munosib edi, deb qanchalik jar solmasin, o‘sha kuni kataloniyaliklar chempion bo‘lishi kerak bo‘lgan jamoaga xos harakat qilishmadi. «Malaga» esa «Real»ga ko‘maklashib yuborganidan xursandligini yashirib o‘tirmadi. Neymar o‘zining qiliqlari bilan nafaqat o‘sha o‘yinni buzdi, balki bo‘lajak o‘ta muhim o‘yinda ishtirok etishi ham so‘roq ostida qoldi.

Bu turda yetakchilarning ochko yo‘qotishidan unumli foydalanib qolish maqsadida «Vilyarreal» muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. 

Iziga tushib olgan «Chelsi» relsi, «El-Mago» va Koutino rekordi

Angliya premer-ligasida chempionlik uchun faqat ikki jamoa kurashmoqda. Bu turda «Chelsi» ham «Tottenhem» ham ishonchli g‘alabalarni qo‘lga kiritishdi. YeChL yo‘llanmasi uchun kurash esa avjiga chiqqan. «Liverpul» «Stok» uyida hisobda ortda qola turib g‘alabani ilib ketishni uddasidan chiqdi. Gollarning biriga mualliflik qilgan Felipe Koutino APLda to‘p surgan braziliyaliklarning rekordini o‘rnatdi. «Manchester Siti» esa «Hall»ni mag‘lubiyatga uchratdi. Bu uchrashuv ham shaxsiy ko‘rsatkichli yubileysiz o‘tmadi. 

Shuningdek, «Manchester Yunayted» ham «Sanderlend» uyidan g‘alaba bilan qaytgan bo‘lsa, «Everton» Kreyg Shekspir boshchiligidagi «Lester»ning ilk mag‘lubiyatiga sababchi bo‘ldi.

Higuain — gol-mashina, Shimoliy koreyacha tarix

Italiya A seriyasida bu turda uch yetakchi jamoalar o‘z o‘yinlarini muvaffaqiyatli o‘tkazishdi. «Yuventus» Higuainning dubli evaziga «Kevo»ni mag‘lub etdi. Argentinalik gol-mashina bu ikki goli bilan «Yuventus» tarixidagi eng sermahsul debyutant nomini o‘ziniki qilib oldi.

«Roma» va «Napoli» esa mehmonda g‘alaba bilan qaytdi. Yevropa ligasi yo‘llanmasi uchun da'vogarlarning ochko yo‘qotishidan faqatgina «Milan» unumli foydalanib qoldi.

Turning eng e'tiborga molik voqealaridan biri esa shimoliy koreyalik 18 yoshli futbolchining Italiya A seriyasidagi debyut gol bo‘ldi. Xvanning goli KXDR futboli tarixida A seriyada urilgan birinchi gol sifatida qoladigan bo‘ldi.

Nomiga yarashmayotgan Der Klassiker

 

So‘nggi ikki mavsumdan buyon bundesliganing eng mashhur qarama-qarshiligi Der Klassiker‘ning Myunxendagi qarama-qarshiligi nomiga munosib kechmayapti. O‘tgan mavsumda 5:1, bu yil esa 4:1. «Bavariya» azaliy raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

«Borussiya»ning mag‘lubiyatiga «Hoffenhaym»ning ham muvaffaqiyatsizligi qo‘shildi va bundan «Leyptsig» unumli foydalanib qoldi. 10 kish bo‘lib so‘nggi daqiqalarda gol urgan Hazenxyuttl shogirdlari debyut mavsumida kumush medallarni qo‘lga kiritishga yanada yaqinlashdi.

Barqaror yetakchilar

Fransiyada jiddiy yangilik kuzatilmadi. Yevropa chempionlar ligasi yo‘llanmasidan amalda mahrum bo‘lib ulgurgan «Lion»ning o‘z uyida yirik hisobda mag‘lub bo‘lishini aytmaganda, Fransiyada barchasi bir tekisda davom etmoqda.

«Nitstsa» kamida 3-o‘rinni naqd qilib qo‘ygach, ortiqcha bosimsiz g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda. Bu safar jamoaga Balotellining dubli uch ochko keltirdi. «Monako»ga esa mehmonda muvaffaqiyat qozonib qaytgan bo‘lsa, «PSJ» o‘z uyida «Gengam»ni tor-mor keltirdi. «Lion»ning mag‘lubiyatidan esa «Marsel» foydalana olmadi.

Shuningdek, bu turda Rossiya chempionatida ham qiziqarli uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. TsSKA va «Zenit» ochko yo‘qotishidan «Spartak» unumli foydalandi va jamoa uzoq yillik tanaffusdan so‘ng chempionlik sari yana bir dadil qadamini tashladi.

Top