Fransiya rasman saylovoldi kampaniyasiga kirmoqda. 10 apreldan prezidentlik uchun nomzodlar "tashviqotlar urushi"ni boshlashadi. Fransiyalik saylovchilar bugundan e'tiboran 11 nafar nomzodga doir ma'lumotlarni ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Har bir nomzod televideniye va radioda davlat tomonidan kafolatlangan efir vaqtiga ega. Nomzodlarning o‘z dasturlarini ilgari surishda tenglikka rioya qilishlarini Fransiya Oliy audiovizual kengashi nazorat qiladi. Bu haqda TASS agentligi yozmoqda.
Joriy kampaniyaning avvalgi bosqichida bo‘lib o‘tgan televizion debatlar va reyting ko‘rsatkichlari Fransiya saylovchilari qaysi kayfiyatda ekaniga aniqlik kirita olmadi. Saylovoldi poygasining yetakchisi "Milliy front" rahbari Marin Le Pen eng barqaror tafdorlarga ega. Uni qo‘llab-quvvatlovchilarning 80 foizi o‘z tanlovlarida haq ekanliklariga ishonishmoqda. Poyganing yana bir yetakchisi "Marshda" harakati nomzodi Emmanyuel Makron tarafdorlarining atigi 50 foizi shunday ishonchni bildirishgan, xolos.
Respublikachilar partiyasi nomzodi Fransua Fiyon vakilining so‘zlariga ko‘ra, "prezidentlik poygasining ushbu bosqichi ancha qizg‘in bo‘ladi". Fransiya sobiq bosh vaziri, hozirda, Milliy majlis deputati Fiyon Parijda miting tashkil etdi.
So‘l kayfiyatdagi "Bo‘ysunmagan Fransiya" nomzodi Jan-Lyuk Melanshon Marselda o‘tkazgan mitingida 70 ming tarafdorini to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Ijtimoiy xizmatlarning so‘nggi tadqiqotlariga ko‘ra, Melanshon o‘z tarafdorlari sonini oshirib bormoqda va deyarli har beshinchi fransiyalikning qo‘llab-quvvatlashiga erishgan. U hukmron Sotsialistik partiyaning rasmiy nomzodi Benua Amon tarafdorlari sonidan ikki barobar ko‘proq tarafdorlarga ega.
Shunga ko‘ra, "Bo‘ysunmagan Fransiya" nomzodi prezidentlik poygasining 3 nafar yetakchisi Le Pen, Makron va Fiyonga yaqinlashib qoldi.
Fransiya prezidentlik saylovining 23 aprelda bo‘lib o‘tuvchi birinchi turi 11 nafar nomzod kurash olib boradi. 7 may kuni tashkil etiladigan ikkinchi tur ovoz berish jarayonida saylovchilarning eng ko‘p ovoziga ega bo‘lgan ikki nomzod kurashni davom ettiradi.
Ikkinchi bosqichda g‘alaba qozongan nomzod Fransiya prezidenti deb e'lon qilinadi va Yelisey saroyida Fransua Olland o‘rnini egallaydi. Ma'lumki, reytingining to‘xtovsiz pasayishi Ollandning ikkinchi muddatga nomzodini ilgari surmasligiga sabab bo‘ldi.
Shunday qilib, 22 aprelga o‘tar kechasi saylovoldi sokinlik kuni qoidasi joriy etiladi.















