11:23 / 10.04.2017
10842

Suriyaga Amerika armiyasining 6 ming askarini safarbar etish taklif etilmoqda

AQSh Suriyaga qo‘shimcha 6 ming askarini tashlashi kerak. IShID terrorchi guruhini tor-mor etishni tezlashtirish uchun shunday qilish lozim. Amerikaning Janubiy Karolina shtatidan respublikachi senatori Lindsi Grem Fox News telekanaliga bergan intervyusida shunday fikrni ilgari surgan. 

"Ha, qo‘shimcha 6 ming askar kerak, ammo ular Bashar Asad tuzumini ag‘darish uchun emas, balki IShID mavjudligiga barham berishni tezlashtirish uchun", - deb qayd etgan Grem. U respublikachi senatorlar Marko Rubio, Jon Makkeyn va boshqalar bilan birga AQSh prezidenti Donald Trampning Suriya aviabazasiga raketa zarbasi berish qarorini ma'qullashgan edi. 

Gremning fikricha, Asadni hokimiyatdan chetlashtirish vazifasini haqiqiy muxolifat kuchlariga topshirish lozim. Ularni amerikalik harbiy instruktorlar tayyorlashi kerak. "Bizning yigitlar muxolifatni Asadni ovlashga o‘rgatishi kerak. Uni (Asad) o‘z xalqi ag‘darishi lozim, ammo bizning sa'y-harakatlarimiz bilan", - degan senator.

Senat qurolli kuchlar qo‘mitasi rahbari Jon Makkeyn, o‘z navbatida, Suriya harbiy-havo kuchlarining yana oltita bazasini yo‘q qilishni taklif qildi. Uning aytishicha, bu chora Suriya armiyasining doimiy parvozlarni amalga oshirishiga chek qo‘yadi. 

Ayni vaqtda Suriyada 500ga yaqin amerikalik harbiy xizmatchilar bor. Ular, asosan, maxsus bo‘linmalar askarlaridir. Iroqda taxminan 5 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchilar bor. Ularning 450ga yaqini harbiy maslahatchilar hisoblanishadi. 

Mavzuga oid
Top