17:17 / 11.04.2017
10563

Ikki yil o‘tib: Allegri Enrikega qarshi. Kunning eng markaziy uchrashuvi haqida

11 aprel kuni Yevropa chempionlar ligasining 1/4 final uchrashuvlariga start beriladi. Tribuna.Uz kunning eng markaziy uchrashuvi anonsi bilan tanishtirib o‘tadi.

Yuventus – Barselona (11 aprel, Toshkent vaqti bilan 23:45, UzReport, Match TV)
Ikki yil muqaddam bu ikki jamoa Yevropa chempionlar ligasi finalida ro‘baro‘ kelishgandi. Bu mavsumda esa jamoaning yo‘li chorak finaldayoq kesishadigan bo‘ldi. Ko‘pchilikning fikricha, «Barselona» o‘sha vaqtdagidek kuchli emas va bu uchrashuvda yaqqol favorit sanalmayapti.

O‘yindan oldin

Yuventus
«Yuventus» Italiya A seriyasida ishonch bilan peshqadamlik qilmoqda. Jamoa o‘tgan haftada «Kevo»ni qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda dublga erishgan Gonsalo Higuain turinliklar safida uzoq yillardan buyon eng yaxshi debyutant futbolchiga aylandi. Jamoa yuqori sport formasiga kirib ulgurgan va bu bugungi uchrashuvda jamoaga qo‘l kelishi mumkin.

Barselona
Kataloniya klubida esa hammasi joyida deb bo‘lmaydi. Jamoa o‘tgan haftada «Malaga» uyida o‘ta nursiz o‘yin ko‘rsatdi va Ispaniya chempionati yetakchisi bo‘lib olish imkoniyatini boy berdi. Endilikda jamoaning La-ligada g‘alaba qozonishi katta so‘roq ostida qolmoqda. Shu oyda bo‘lib o‘tadigan «El-klasiko» ham bu o‘rinda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmay qolishi mumkin.

O‘yin atrofidagi qiziqarli faktlar
– «Yuventus» yevrokuboklarda o‘z uyida 2015 yilning aprelidan buyon mag‘lubiyatga uchramayapti. O‘shanda jamoa o‘z o‘z uyida «Bavariya»ga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. O‘sha davrdan boshlab keyingi 17 uchrashuvda «Yuventus» Turinda yutqazmayapti.
– «Barselona» mehmonda o‘tkazgan so‘nggi 5 uchrashuvning 3tasida mag‘lubiyatga uchragan. So‘nggi mehmondagi uchrashuvda («PSJ»ga qarshi) o‘z darvozasidan 4ta to‘p o‘tkazib yuborgan.
– «Ko‘k-anorranglilar» YeChL doirasidagi mehmonda o‘tkazgan so‘nggi 16 o‘yinning 14tasida raqib darvozasini ishg‘ol qilishning uddasidan chiqqan. YeChL pley-offida mehmonda urilgan golning qiymati juda yuqori .

O‘zaro o‘yinlar
Ikki jamoa shu kungacha o‘zaro yetti marta uchrashishgan. Uchta uchrashuvda «Yuventus»ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, «Barselona» ikki marta g‘alaba qozongan. Ikki uchrashuvda durang qayd etilgan. To‘plar nisbatida ko‘rsatkichlar teng — 9:9.

Chempionlar ligasida jamoalar besh marta o‘zaro duch kelishgan bo‘lsa, ularning ikkitasida «Yuventus» mezbonlik qilgan va ikkala o‘yinda ham jamoa g‘alaba qozona olmagan. Yuqorida eslab o‘tgan finaldan oldingi to‘qnashuv bundan 14 yil oldin bo‘lib o‘tgan bo‘lib, o‘shanda «Yuventus» aynan «Barselona» uyidagi g‘alaba (2:1) evaziga yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. O‘sha yili jamoa keyinchalik finalga (yarim finalda «Real» mag‘lub etilgan) qadar yetib borgan va finalda «Milan»ga imkoniyat boy berilgan.

Yo‘qotishlar
«Yuventus» tarkibida aytarli yo‘qotishlar ko‘zga tashlanmayapti. Birgina Marko Pyatsaning o‘yinda tusha olmasligi aytmasa, tarkib jangovar ruhda bo‘lishi kutilmoqda. «Barselona» tarkibida esa eng asosiy yo‘qotish tayanch yarimhimoyachisi Serxi Busketsning diskvalifikatsiya qilinishi bo‘lib turibdi. Arda Turon va Aleish Vidalning jarohati ham ularga bu o‘yinda ishtirok etish imkoniyatini bermaydi.

Taxminiy tarkiblar
Allegri so‘nggi vaqtlarda ko‘p qo‘llayotgan usulidan foydalanishi mumkin. Bunda tayanch zonasida bir yo‘la ikki futbolchi joylashadi. Kuadrado va Mandjukich esa qanotlarda Higuainga yordam beradi. Dibala hujum ortidagi «o‘nlik» rolini bajarib beradi.

«Barselona»da Busketsning yo‘qligi Andre Gomeshni tayanch zonasiga qaytarishi mumkin. Shuningdek, bu yo‘qotish sabab Enrike uch markaziy himoyachi bilan harakat qilishi mumkin. Umtiti chaproqda, Maskerano o‘ngroqda. Serxi Roberto esa o‘ng qanot vingeri vazifasini o‘taydi. «O‘nlik» rolida Messi va oldinda Neymar-Suares tandemi.

Yuventus: 1. Buffon, 23. Dani Alvesh, 3. Kellini, 19. Bonuchchi, 12. Sandro; 6. Xedira, 5. Pyanich, 17. Mandjukich, 21. Dibala, 7. Kuadrado; 9, Higuain.
Barselona: 1. ter Shtegen, 3. Pike, 23. Umtiti, 14. Maskerano, 20. Roberto; 4. Rakitich, 8. Inesta, 21. Andre Gomesh, 10. Messi, 9. Suares, 11. Neymar.

Top