00:40 / 11.04.2017
12383

Janubiy Sudan aholisi ochlikdan qutulish uchun daraxt barglarini iste'mol qilmoqda

Janubiy Sudan aholisi halokatli ochlikdan qutulish uchun daraxt barglarini yeb kun kechirmoqda, deb xabar qiladi gumanitar yordam guruhi a'zolari.

Norvegiya muhojirlar kengashi o‘z hisobotida qayd etishicha, Janubiy Sudan aholisi favqulodda ochlikdan qochish uchun yovvoyilar kabi mevalar, daraxt barglarini iste'mol qilmoqda. 

Shuningdek, daraxt yaproqlari hali ochlik e'lon qilinmagan hududlarda ham taom sifatida tanovul qilinmoqda.

7 nafar farzandning onasi 47 yoshli Bxakita Abuk shunday deydi: "Bolalar ovqat yetishmovchiligi tufayli daraxt barglarini iste'mol qilishmoqda. Buning oqibatida ayrim bolalar diareya kasalligiga chalinmoqda".

NMK vaziyat tobora yomonlashib borayotganidan ogohlantirib, Janubiy Sudanda ocharchilik holatini yumshatish uchun moddiy ko‘mak yig‘ishga chaqirmoqda.

Kengashning qayd etishicha, Janubiy Sudanga yordam ko‘rsatish uchun 1,6 milliard dollar zarur. Hozirda esa bu mablag‘ning bor-yo‘g‘i 18 foizi to‘plangan. 

Top