19:42 / 12.04.2017
102924

Bo‘ritosh Mustafoyev vafot etdi

Bugun, 12 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Bo‘ritosh Mustafoyev 68 yoshida og‘ir xastalikdan vafot etgan. Bu haqda Konstitutsiyaviy sud matbuot xizmati ma'lumot bergan.

U 9 aprel kuni Toshkent shahridagi Yurak xastaliklari klinikasiga yotqizilgandi.

Bo‘ritosh Mustafoyev 1949 yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan. 1971 yilda Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetini tugatib, mehnat faoliyatini Samarqand viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori lavozimidan boshlagan. Ko‘p yillar davomida prokuratura organlarida mas'uliyatli lavozimlarda ishlab, 1989 yilda O‘zbekiston Respublikasi prokurori, 1993 yilda esa O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimiga tayinlandi. 1998 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi o‘rinbosari, Adliya vazirining o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy sudining raisi, Markaziy saylov komissiyasining raisi, Oliy sudining raisi lavozimlarida ishladi. 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylanib, umrining oxirigacha shu lavozimda mehnat qilib keldi.

Mustafoyev “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni, II darajali “Shon-sharaf” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan. Oliy malaka darajali sudya. I darajali Davlat adliya maslahatchisi.

"Bo‘ritosh Mustafoyev oqil va oliyjanob, vatanni samimiy sevadigan va xalqi uchun jonkuyar inson edi. U mustaqil O‘zbekistonning shakllanishi va davlatchilikni mustahkamlashga, qonuniylik va huquq-tartibotni ta'minlashga, huquqiy tizimning shakllanishi va rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan", deyilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi xabarida.

Sayt tahririyati Bo‘ritosh Mustafoyevning qarindoshlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Top