20:51 / 12.04.2017
4488

Ispaniyalik ayol sobiq eridan uy ishlari uchun 24 ming yevroga yaqin pul undirdi

Foto: Fotolia/ roboriginal

Ispaniya fuqarosi hisoblangan ayol sobiq turmush o‘rtog‘idan olti yillik turmushi davomida bajargan uy ishlari uchun sud orqali 24 ming yevroga yaqin pul olishga muvaffaq bo‘ldi. El Mundo nashri shu haqida xabar berdi. 

Ispaniya appelyatsiya sudi da'vogar foydasiga 23 628 yevro undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shu tariqa Kantabriya provinsiyasi birinchi instansiya sudining bir yil avvalgi qarori o‘z kuchini saqlab qoldi. O‘tgan yilgi qaror qabul qilinganidan keyin da'vogarning sobiq eri appelyatsiyaga topshirgan edi, biroq unga rad javobi berildi. 

Juftlik 2007 yilda ajrashish uchun ariza topshirgan edi, biroq er-xotin ajrim yuridik jihatdan rasmiylashtirilib, kuchga kirgunga qadar, ya'ni 2013 yilning may oyigacha birga yashashda davom etgan. Jabrlanuvchi ayolning so‘zlariga ko‘ra, u turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda yashagan yillar davomida ishini tashlab, o‘zini faqat uy ishlariga bag‘ishlagan, eri esa boquvchi vazifasini bajargan.

Sud qaroriga ko‘ra, ushbu vaziyatda sobiq er "foydalanuvchi" bo‘lib chiqqan, zero sobiq turmush o‘rtog‘i oila va uy ishlari bilan shug‘ullangan bir paytda u "o‘z faoliyati davomida shaxsiy moliyaviy ahvolini ko‘paytirish imkoniga ega bo‘lgan". Ayolga to‘lanadigan pul mehnat uchun minimal to‘lov hajmining 50 foizidan kelib chiqib hisoblangan. "Uy ishlari umumiy xarajatlarga hissa qo‘shishning bir shaklidir", - deyiladi sud qarorida. 

Mavzuga oid
Top