20:23 / 12.04.2017
6188

Istalgan chiroq ustunini elektromobillarni quvvatlash moslamasiga aylantiruvchi qurilma yaratildi

Bugungi kunda elektromobilni hech qanday muammosiz xarid qilish mumkin, chunki turli kompaniyalardan bunday mashinalar uchun takliflar bisyor. Biroq boshqa masala shundaki, bu mashinalarni qayerda quvvatlash mumkin? Hammada ham maxsus rozetkali garaj yo‘q, mashina qo‘yish joylari, uylar oldidagi yo‘laklar esa elektromobillar uchun quvvatlash stansiyasi bilan jihozlanmagan. Bu muammoni Char.gy kompaniyasi muhandislari hal qilishga bel bog‘ladilar. Ular oddiy chiroq ustunini mashinani quvvatlash moslamasiga aylantirishga imkon beradigan maxsus qurilma yaratishdi.    

Bu g‘oya shunisi bilan yaxshiki, shaharning mavjud qiyofasiga global o‘zgarishlar kiritishni talab qilmaydi, chunki biror joyni Char.gy quvvatlash moslamasi bilan jihozlash uchun uni ustunga ulash kifoya qiladi.  

Qurilma yaratuvchilarining aytishicha, avtomobilni tez va muammosiz quvvatlash imoniyati yo‘qligi sababli ko‘pchilik elektromobillarni xarid qilishni rad etadi. Shuning uchun yangi quvvatlash moslamasi transportning ekologik xavfsizroq turlariga o‘tishga ko‘mak beradi.

Hozirda Char.gy kompaniyasi quvvatlovchi qurilmadan foydalanganlik uchun haq olishga imkon beruvchi tizimni yaratish ustida ishlamoqda. Yozga kelib yangi qurilma bilan Londonning ba'zi tumanlaridagi ustunlarni jihozlash rejalashtirilmoqda. Biroq hozirda buni amalga oshirishdagi asosiy muammo yangi qurilmani ustunga qanday mahkamlash mumkinligi bo‘lmoqda.

Top