Jamiyat | 22:03 / 13.04.2017
53433
6 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik kollej bitiruvchisidan 10 ixtiro

Ixtiro nima o‘zi, degan savolga oddiyroq javob izlaymiz. Menimcha, insonlar og‘irini yengil qiluvchi, ularga qulaylik yaratuvchi oddiy yangilikni ham ixtiro, deb atash mumkindir. Fan olamining kimyo, fizika, algebra, tibbiyot va hokazo sohalarida ko‘plab zalvorli yangiliklar ixtiro qilinadi. Maqola qahramoni esa oddiygina qishloqning bo‘z yigiti bo‘lganligi uchun uni ixtirochi deb atash biroz mubolag‘a bo‘lar. Nima bo‘lganda ham uning harakatlari samarasi o‘laroq yuzaga kelgan kashfiyotlar kimlargadir yordam berishi tayin.

Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumani qurilish kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Dilshodbek Shuhratovning ko‘zi ojiz kishilar uchun yasagan sensorli hassa uskunasi bilan tanishish uchun borib, uning yana qancha yangi g‘oyalar yaratish orzusida ekanligini bildim.

Unga: “Ho‘sh, hassangiz nima karomat ko‘rsatadi?” deya savol beraman. “Uskunamdagi sensorli qurilma, ko‘zi ojiz kishilar biror to‘siq yoki chuqur yoniga bir yarim metr yaqinlashganida ovozli signal va tebranish (vibratsiya) bilan ogohlantirish beradi”, - deydi Dilshodbek. U hassani qo‘lga olib uning afzalligini namoyish  qiladi. Darhaqiqat, uskuna devorga ikki metr masofa qolganida signalli tovush chiqara boshladi. Uning o‘z mahallasidagi imkoniyati cheklangan qo‘shnisiga atab yiqqan hassasini - oddiy qo‘l ostimizdagi buyumlardan yasagani esa hayron qolarli... Parda ilinadigan karniz, velosiped nur qaytargichi, avtomobillarning orqaga yurganda signal beruvchi ikkita sensor qurilmasi va o‘zi tergan mikrosxema va uskuna tayyor!

Yigit juda kamtar ekan. Tuman “Kamolot” YoIH sardori Nazarbek Mirzaqobulovning: “Boshqa yasagan narsalaringni ko‘rsatgin”, degan gapidan so‘ng Dilshod sumkasidan yana bir nechta loyihalarini oldi. Meni qiziqtirgani - oddiy mis plastinkalardan piyodalar o‘tish yo‘lakchasida piyodalarni qadamidan ishqalanish reaksiyasi orqali zaryad olib yonib turuvchi svetofor bo‘ldi. “Mis plastinkalarni ovoz chiqaruvchi kolonkalarni ichidan chiqarib olib, ikki tomonlama joylashtirgach, sim bilan kavsharlab energiya yig‘uvchi manbaga uladim. Bitta odamning qadamidan 2 volt tok yig‘yapti”, deydi Dilshodbek. Mis plastinkalar avtomobillar uni bosib o‘tganida ham energiya yig‘ar ekan. Ana sizga - elektr tarmog‘iga ulanmay ishlaydigan svetafor.

Yigitning g‘oyalari ko‘p ekan. Piyodalar yo‘lakchasiga o‘zidan energiya oluvchi, yerga o‘rnatiladigan uch rangli svetafor (bu narsa ayniqsa, qo‘lidagi smartfonidan ko‘z uzmay atrofga qarashni unutadigan yoshlar uchun qulaylik), quyosh energiyasida ishlovchi ventilyator, biz “baklajka” deb atovchi plastik idishlarni qayta ishlab, uy supurgisi chiqaradigan dastgoh, uydagi elektr jihozlarini masofadan o‘chiruvchi pult...

Menga yoqqani kichik ya'ni mini - issiqliqdan energiya oluvchi moslama g‘oyasi bo‘ldi. “Agar amalga oshib qolsa, xonadonida issiqxonasi bor kishilar uchun zo‘r qulaylik bo‘lardi”, deydi yigit. Ham issiqxonada yetarli harorat bo‘ladi, ham uyida elektr energiya.

Yigitning samimiy g‘oyalarini ilm egalari qanday baholaydi, bu menga qorong‘i. Chunki ixtirochi tomonidan kashf qilinadigan uskunalarni laboratoriyada chuqur o‘rganib chiqib, so‘ng sinovdan o‘tkazish kerakligi aniq.

Lekin oddiygina kollej bitiruvchisini chiqindidan uy jihozlari ishlab chiqaruvchi dastgohga urinayotgani, chizmalar chizib o‘z ustida ishlayotgani, asosiysi – yangilik yaratishga intilayotgani muhim.

Dilshodbek o‘tgan yili “Kamolot” YoIH “Mening biznes g‘oyam” Respublika tanlovida   o‘zining  ko‘zi ojizlar uchun yasagan masofali hassaci bilan qatnashib, birinchi o‘rinni olgan ekan. Ha, aytganday, ixtirochi o‘zi yasagan hassa uchun hali patent olmabdi. 

“Ertaga, tumanimizda ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda “Yashil chiroq” tanlovi bo‘lib o‘tadi. Unda Dilshodbek, piyodalar o‘tish joyidagi mis plastinkalardan olinadigan energiyaga ishlovchi svetaforni kichik maketini namoyish qiladi”, - deydi tuman “Kamolot”chilari sardori Nazarbek. “Kamolot” harakati va tuman YHXB xodimlari yigitimizga uskunaga lozim bo‘lgan jihozlarni xarid qilishda yaqindan yordam berishyapti.

Xitoyga borib, o‘qib, yorug‘lik energiyasidan foydalanish bo‘yicha tajriba to‘plashni orzu qilayotgan yosh yigitchaga havasim keldi. Chunki uning ezgu g‘oyalari va kelajakdan katta umidi bor.   

 Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov.
 Andijon – Qo‘rg‘ontepa

Mavzuga oid