O‘zbekistonda 2017 yil 1 oktabrdan boshlab milliy haydovchilik va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.
“Oila davrasida” nashri muxbiri shu masalaga oid qator savollariga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Xolmatjon Saydaliyevga murojaat etdi.
Saydaliyevning qayd etishicha, yangi milliy haydovchilik guvohnomasini joriy etishdan maqsad - mamlakatimizda 1968 yil 8 noyabrda qabul qilingan Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi tavsiyalariga muvofiqligini ta'minlash, milliy haydovchilik guvohnomalarini hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalarni hisobga olish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni samarali tashkil qilishdir.
"Milliy guvohnomalar qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Hozirgi — amaldagisidan nimasi bilan farq qiladi?", degan savollarga esa shunday javob qaytarildi: “Bu guvohnomalar maxsus himoya qatlamlariga ega. Unda konvensiya talablarida belgilangan majburiy ma'lumotlar lotin alifbosida, o‘zbek tilida yozilgan. Milliy haydovchilik guvohnomasi plastikdan tayyorlanib, o‘lchami 54x86 millimetrni tashkil etadi. Unda O‘zbekiston Respublikasining nomi davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan. U qalbakilashtirishdan himoya qiluvchi mustahkam va mukammal himoya vositalariga ega.
Ma'lumki, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasida A, V, S, D va Ye toifalari aks ettirilgan edi. Yangi nusxadagi milliy haydovchilik guvohnomasida bunga biroz o‘zgartirish kiritildi. Endilikda haydovchilik guvohnomasida A, V, S, D, Ve, Se va De toifalari aks ettiriladi. Bunda A — mototransport vositalarini boshqarishga, V — A toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan va haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i 8 tadan oshmaydigan avtomobillarni boshqarishga, S — D toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini boshqarishga, D — yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan, haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i 8 tadan ortiq avtomobillarni boshqarishga va Ye — tirkamali transport vositalarini boshqarishga ruxsat berardi.
Yangi nusxadagi milliy haydovchilik guvohnomasida Ye toifasi uchga bo‘lindi. Bunda Ve — A toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan va haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i 8 tadan oshmaydigan avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga, Se — D toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini tirkama bilan boshqarishga, De — yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan, haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i 8 tadan ortiq avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga ruxsat berilishini bildiradi”.

















