15:11 / 13.04.2017
10311

“Asaka bank” tomonidan Jizzaxning bog‘dorchilik va uzumchiligi qo‘llab-quvvatlanmoqda

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tizimida olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida Jizzax viloyatida ham meva-sabzovot, uzum yetishtirish va ularni saqlash, qayta ishlash hamda eksport qilish hajmi yildan yilga ortib bormoqda. Bunda viloyatdagi bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining hissasi katta bo‘lmoqda. Har bir qarich yerdan samarali va omilkorlik bilan foydalanayotgan qishloq mulkdorlari keyingi vaqtda mahsulot sifatini hamda hosildorlikni oshirish, bozorlarimizning mo‘l-ko‘lligini ta'minlash, narx-navolarni arzonlashuviga erishishga astoyidil harakat qilishmoqda. Bunda ularni qo‘llab-quvvatlashda tijorat banklarining o‘rni juda katta. 

Xususan, aksionerlik tijorat “Asaka bank” tomonidan respublika miqyosida uzumchilikni rivojlantirish maqsadida 2016 yilda jami 158 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari ajratilib, shundan Jizzax viloyatining ulushi 7,3 mlrd so‘mni tashkil qiladi. 

Kreditlar ajratishda yangi uzumzorlarni tashkil etish, eskilarini rekonstruksiya qilish, meva va uzum mahsulotlarini saqlash uchun zamonaviy muzlatkichlar, uzum mahsulotlarini quritish, qayta ishlash, uzumzorlarni maxsus texnikalar yordamida haydash va sohaga doir boshqa maqsadlarni amalga oshirishga ahamiyat berilmoqda. 

2017 yilda uzumchilikni yanada rivojlantirish hamda yangidan yangi uzum bog‘lari tashkil qilish maqsadida “Asaka bank” tomonidan respublika miqyosida jami 100.0 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib bu, o‘z navbatida, bozorlarimiz to‘kin sochinligiga xalq farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi. 

Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev  tashabbusi bilan respublikamizning ko‘pgina hududlarida, jumladan, Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida joriy yil davomida 1879 gektar yer maydonida yangi tokzorlar barpo qilish rejalashtirilgan. Tumanda tashkil etilgan “Yangiobod Uzum Servis” mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi agrofirmasiga 500 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu yer maydonlarida uzumning iqlimbop “xo‘raki” navi ekilmoqda. Tumanda birinchi marotaba simbag‘az usulida 90 gektar yer maydoniga uzum ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, ushbu tokzorlardan unumli foylanish maqsadida tok qator orasiga sabzavot va poliz ekinlari ekilgan bo‘lib, hudud iqlimi  hisobga olingan xolda qo‘shimcha tarzda dukkakli o‘simliklar ekish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “Yangiobod Uzum Servis” mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi agrofirmasi faqatgina uzum yetishtirish bilan cheklanib qolmasdan tumandagi meva va uzum mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va quritish maqsadida zamonaviy texnologiyalar olib kelish maqsadida aksionerlik tijorat “Asaka bank” bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar ustida ish olib bormoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek: “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va albatta, qudratli bo‘ladi”.

Reklama huquqi asosida.

Mavzuga oid
Top