00:43 / 13.04.2017
12584

«O‘zagroeksport» 2017 yilning birinchi choragida 101,8 ming tonna meva va sabzavotni eksport qildi

Bugungi kunda O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva va sabzavotlar sarxil va qayta ishlangan holatda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda.

Respublikada yetishtirilayotgan meva va sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish maqsadida «O‘zagroeksport» AJ xorijda o‘tkaziladigan barcha xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etmoqda.

Hamkorlik o‘rnatish  va mahalliy meva-sabzavot mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qilinayotgan ishlar natijalari haqida Berlin (Germaniya)da bo‘lib o‘tgan «Yashil hafta-2017» xalqaro yarmarkasi natijalaridan ham bilib olish mumkin.

Mazkur tadbir davomida O‘zbekistondan Germaniya, Buyuk Britaniya, Latviya, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy, BAA va Turkiya kompaniyalariga 151,2 million dollarlik oziq-ovqat mahsuloti yetkazib berishga doir shartnomalar imzolandi.

Moskvada o‘tgan «ProdEkspo-2017» xalqaro ko‘rgazmasi davomida O‘zbekistonning yangi bozorlarga, xususan, Mo‘g‘uliston va Vetnamga meva va sabzavot mahsulotlari yetkazib berishi borasida kelishuvga erishildi.

Endilikda bu mamlakatlarga sarxil va quritilgan mevalar, sabzavotlar va dukkakli mahsulotlar yetkazib beriladi. Ushbu ko‘rgazma doirasida Xitoyning «Honkong Line Trading CO LTD», Qozog‘istonning «Metro Kesh End Kerri», Belarusning «Yevrotorg» MChJ, Rossiyaning «Chelny-xleb» AJ, «SPAR Tula» MChJ, Mo‘g‘ulistonning «Happy Fruits» va boshqa kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlar yakuniga ko‘ra, 74 million dollarlik sarxil va qayta ishlangan meva va sabzavot mahsulotlarini yetkazishga doir eksport shartnomalari imzolandi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Moskvaga davlat tashrifi davomida RF rahbari V.Putin bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasining yuqori darajada ekanligi ta'kidlandi. Rossiya prezidenti bu ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasiga tegishli ekani va o‘zbek mahsulotlarining Rossiya bozoriga eksporti ikki barobardan ko‘pga oshganini alohida qayd etdi.

2017 yilning birinchi choragida «O‘zagroeksport» AJ tomonidan 101,8 ming tonna meva va sabzavot eksporti amalga oshirilgan, bu ko‘rsatkichlarning 6,7 ming tonnaga yoki 107 foizga oshishidan dalolatdir (2016 yilda - 95,1 ming tonna).

Muayyan turdagi meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmining o‘sishi ham kuzatilmoqda. Shu jumladan, joriy yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, uzum eksporti - 21 karra, meva eksporti - 3 karra oshdi.

2016-2020 yillar uchun meva va sabzavotlarni saqlash bo‘yicha moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishiga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi meva-sabzavot mahsulotlarining qishki mavsumda eksport ko‘rsatkichlarining oshishi uchun xizmat qildi. Xususan, birinchi chorakda 2 839 tonna anor (2016 yilga nisbatan 305,8 foizga ko‘p), 1 590 tonna limon (234,8 foiz), 595 tonna olma (616,7 foiz) va boshqalar jo‘natilgan

Bundan tashqari, yil boshidan buyon umumiy qiymati 13 million dollarga teng 21,1 ming tonna mosh eksport qilingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 320 foizga ko‘p demakdir.

Top