21:40 / 14.04.2017
6944

NBA o‘yinchisi yarim million uchun ketma-ket 4 o‘yinda savatga uch ochkolik tashlashni amalga oshirmagan

Yo‘q, u o‘ziga qarshi bukmekerlik idorasida pul tikmagan. Aslo.

«Portlend Treyl Bleyzers» forvardi Mo Harkless Milliy basketbol assotsiatsiyasi (NBA) mavsumi yakunlari bo‘yicha uch ochkolik urinishlarni 35 foizdan ziyod samarali amalga oshirgani uchun klubidan 500 ming AQSh dollarini bonus sifatida qo‘lga kiritdi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, u shu pullarni qo‘lga kiritish uchun bir necha o‘yinda ketma-ket uch ochkolik chiziqdan turib to‘pni savatga tashlamagan.

Harklessning basketbol klubi bilan shartnomasida chempionatdagi 82 ta o‘yinda uzoqdan tashlangan to‘plarning ijobiy foizi uchun maxsus bonus nazarda tutilgan. Biroq, u 77-o‘yinda uch ochkolik to‘pni savatga tashlay olmagan va natijada uning foizi kritik 35,1 foizga tushib qolgan. Oqibatda, basketbolchi qolgan to‘rt o‘yinda tavakkal qilishni bas qilgan va uch ochkolik to‘plarni savatga umuman irg‘itmagan (O‘yinlardan birini "dam olish" vaji bilan o‘tkazib yuborgan).

Xarklessning ESPN saytida e'lon qilingan statistikasi

SB Nation nashrining hisoblab chiqishicha, har qanday tasodifiy xato NBA o‘yinchisini yarim million dollardan mosuvo qilishi qilishi mumkin bo‘lgan. Bu holatda Harkless o‘yinning natijasi shunga bog‘liq bo‘lib turgan taqdirda ham uch ochkolik chiziqdan turib savatni yo aniq nishonga olishi yoki umuman to‘pni savatga tashlamasligi kerak bo‘lgan.

O‘yindan avval Harklessdan uch ochkolik to‘p tashlashga urinib ko‘rish-ko‘rmasligi haqida so‘rashganda u kulgancha: «Mening o‘rnimda siz nima qilgan bo‘lar edingiz?» deb javob bergan.

Alal-oqibatda chempionatning so‘nggi o‘yinini «Portlend» uch ochkolik farq bilan yutqazgan, Harklessning uch ochkolik to‘plari foizi 35,1 darajasida qolgan. O‘yindan so‘ng basketbolchi Instagramda o‘z fotosini e'lon qilib, «Aftidan, bugun kechki ovqat pulini men to‘layman», deb izoh yozib qo‘ygan.

Mavzuga oid
Top