13:25 / 15.04.2017
7052

Abdulaziz Komilov Fransiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 15 aprel kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Fransiya tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vaziri Jan-Mark Ero bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

29 mart kuni Parijda bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama muzokaralarning davomi sifatida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarining dolzarb jihatlari muhokama qilindi hamda mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

«Qayd etilganidek, 2017—2018 yillar uchun imzolangan vazirliklararo Hamkorlik dasturi O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi keng qamrovli aloqalarni tizimli asosda rivojlantirish va mustahkamlashga imkon yaratadi», — deyiladi TIV axborotida.

Suhbat davomida vazirlar tomonidan 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida o‘zaro aloqalarni kengaytirish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, iyun oyining boshiga mo‘ljallangan “MEDEF Interneshnl” fransuz korxonalari harakati yetakchiligidagi ishbilarmon doiralar vakillarining O‘zbekistonga tashrifi muvaffaqiyatli yakun topishidan tomonlar manfaatdor ekanligi ta'kidlandi.

Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Uchrashuvda Fransiya elchisi Violen Biyet de Vilmor ham ishtirok etgan.

Top