13:49 / 15.04.2017
15956

Toshkent viloyatida o‘nlab fuqarolarni aldab ketgan ona-bola firibgarlar qo‘lga olindi

Bekobodlik Ramziya biror joyda yolchitib ishlamagan. Qayerga ishga joylashsa, ikki-uy oy ichida vazifasini bajara olmagani uchun bo‘shatilgan. O‘zi tengi yon qo‘shnisi esa mehnatsevar, ishbilarmon ayol. Shu bois uning ishlari joyida, o‘ziga to‘q. Buni ko‘rgan Ramziya ich-etidan kuyardi. “Oy tug‘sayam, kun tug‘sayam shungami? Hali ko‘rasan, men sendan ham boyvuchcha ayol bo‘laman!”, deb o‘ylar, qanday qilib pul topish va qo‘shnisidan o‘zib ketish yo‘llarini izlar edi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

U bu borada xayoliga kelgan fikrni yaxshilab pishitib, tumandagi “Dalvarzin” fermerlar uyushmasi hududiga yo‘l oldi. Manzilga yetib kelgach, shu joyda yashovchi o‘ziga to‘q oilalardan biri – D.B. ismli shaxsning darvozasini taqillatdi. Uy sohibi bilan suhbat asnosida qo‘shni hududda fermerlik bilan shug‘ullanishini, kattagina maydonda sholi ekayotganini, lekin mablag‘ masalasida biroz qiynalib turganini, agar moddiy jihatdan yordam qilsa, evaziga kuzda o‘n tonna sholi berishini aytib, suhbatdoshini firibgarlik “to‘ri”ga ilintirdi va undan 6 million 800 ming so‘mni sanab oldi.

“Ovi” baroridan kelganidan ruhlangan ayol ayni shu usulda yana ikki kishini chuv tushirib, ularning ham katta miqdordagi pullarini qo‘lga kiritdi.

Tekin luqmaga o‘rgangan Ramziyaning nafsi tobora hakalak otib boraverdi. Firibgarlikning yangi yo‘llarini izladi. Bir kun ertalab tashqaridan qizining: 

-  Oyi, ishga ketyapman, eshikni berkitib olasizmi? – degan ovozi eshitildi.

-  Biroz shoshmay tur qizim, ikki og‘iz gapim bor. Ishxonang qayerda joylashgan edi.

-  Nahotki, haligacha bilmasangiz. Bo‘lmasa yaxshilab eslab qoling, tumandagi tashkilotda hisobchi yordamchisiman. Hozircha Dalvarzin maishiy xizmat kasb-hunar kolleji binosidan ijaraga bitta xona olganmiz, - deya Maxfirat shoshilgancha ko‘chaga chiqib ketdi.

...Kechki payt ona-bola to‘kin dasturxon atrofida o‘tirib ovqatlanarkan, anchadan buyon xonadonda bunday tansiq taomlar pishirilmaganini eslagan Maxfirat buning boisini so‘radi.

-  Bitta rejam bor, - dedi uning savoliga javoban onasi. – Agar uni uddalasak, nafaqat dasturxonimiz to‘kin bo‘ladi, balki birato‘la boyib ketamiz. Ana shunda qo‘shni xolang ham har qancha urinmasin, bizga yetolmaydi.

So‘ng so‘zida davom etdi:

-  Yaxshi bilasan, hozir hamma plastik kartochkadan foydalanyapti. Lekin ko‘pchilik yonida naqd puli bo‘lishini istaydi. Dalvarzindagi kollej o‘qituvchilari ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rsang, buni darrov bilib olasan.

-  To‘g‘riku-ya, lekin naqd pulni qayerdan olamiz? – deydi onasining taklifiga qiziqib qolgan Maxfirat.

-  Bu yog‘ini menga qo‘yib ber. Iloji boricha plastik kartochkasida ko‘proq puli bor kishilarni topib kelsang bas...

Shu ondan boshlab ona-bola ishga jiddiy kirishdi. Ularning birinchi “mijozi” Dalvarzin maishiy xizmat kasb-hunar kolleji direktori o‘rinbosari bo‘ldi: qonun-qoidani yaxshi bilgan, tushungan bu shaxs firibgar qizning aldoviga uchib, hisobida 2 million so‘m mablag‘i bo‘lgan plastik kartochkasini uning qo‘liga tutqazdi. Qarangki, Maxfiratning o‘zi bu joyda ijarada turgan bo‘lsa, bankda ishlamasa, qanday qilib plastik kartochkalardagi mablag‘larni naqd pulga aylantira oladi, uning bu ishi qoidaga xilof-ku, degan shubha loaqal xayoliga kelmadi. Aksincha, firibgar qizning tashviqoti ko‘plarni mahliyo qilib qo‘ydi. “Uch kun oralig‘ida plastik kartochkalaringizdagi pulingizni naqd qilib olib kelib beraman”, degan va'dasiga ishongan pedagoglar oradan o‘n-o‘n besh kun o‘tsa ham tegishli organlarga murojaat qilish o‘rniga, naqd pulli bo‘lamiz deb kutib yuraverishdi.

Bu ona-bola firibgarlarni “ilhomlantirdi”. Ramziya tuman dehqon bozori hududida joylashgan keng tarmoqli savdo do‘koni oldida, Maxfirat esa tuman markaziy shifoxonasi darvozasi yonida turib, bu joylarga kirib-chiqayotganlarga plastik kartochkalaridagi pul mablag‘larini naqdlashtirib berishlarini aytib, o‘nlab fuqarolarni aldab ketadi. Hatto “plastikdan naqd pul yechishni istovchilar bo‘lsa, olib kelaversin”, deb jinoiy ishga tanishlari, qarindoshlarini ham jalb etishadi.

Odamlarni aldab, ularning plastik kartochkalarida saqlanayotgan 33 million so‘mdan ortiqroq mablag‘ni o‘zlashtirganidan shod yurgan firibgarlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Tuman IIBga qilingan murojaatlar asosida osoyishtalik posbonlari ishga kirishishdi. Natijada yana bir necha fuqaroni aldash yo‘li bilan tuzog‘iga ilintirmoqchi bo‘layotgan firibgarlarning o‘zlari tuzoqqa ilindi.  

Top