Bugun, 15 aprel kuni poytaxt hokimligida "Toshkent shahrining tumanlari hududida avtomototransport vositalarini saqlash joylarini tartibga keltirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari"ga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent shahrining tuman, mavze, dahalar hududida shaharsozlik, sanitar va yong‘in xavfsizligi talablariga hamda aholi xavfsizligiga javob bermaydigan temir beton garajlar mavjudligi, qolaversa, ushbu temir beton garajlar hududlarda ko‘p qavatli turar-joy binolarining ichki qismida joylashgan bo‘lib, aholi tomonidan boshqa maqsadlarda ham foydalanib kelinayotgani ta'kidlandi. Bunda turli xil buyumlarni saqlash, ikkilamchi qog‘oz va yelim mahsulotlarini yig‘ish shoxobchalari, o‘zboshimchalik bilan turar-joy sifatida foydalanilishi sababli ushbu temir beton garajlar atrofida maishiy chiqindilar to‘planishi, turli xil jinoyatlar sodir etilishiga, tez tibbiy yordam va yong‘in xavfsizligi hamda ichki ishlar maxsus avtomototransport vositalari belgilangan manzillarga kelishiga noqulayliklar tug‘dirmoqda.



Avtomototransport vositalarining kundan kunga ortib borishi va ularni vaqtinchalik saqlash joylari yetishmasligi natijasida avtomototransport vositalari egalari tomonidan Toshkent shahrining tuman, mavze, dahalar hududida avtomototranstport vositalarini belgilanmagan joylarda, ya'ni turar-joy mavzelari ichida, ko‘p qavatli turar-joylar oldida qoldirish holatlari ko‘paymoqda. Shu bilan birga, qarovsiz qoldirilgan avtomototransport vositalarini tunash bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilmoqda.
Jumladan hozirgi kunda tuman, mavze, dahalar hududida shaharsozlik va sanitar talablariga, yong‘in xavfsizligi talablariga hamda aholi xavfsizligiga javob bermaydigan tartibsiz joylashtiriligan temir beton garajlar 25,63 gektarli yer maydonlarini egallagan bo‘lib, 8470 dona avtomobillarni joylashtirish imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari yuridik shaxslar tomonidan jami 69,16 gektarli yer maydonlari egallangan bo‘lib, sig‘imi 27413 dona avtomobilni joylashtirish imkoniyatiga ega. Biroq ushbu avtoturargohlarning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan talablarga javob bermasligi hamda ulardan boshqa maqsadlarda ham foydalanish holatlari kuzatilmoqda.























