14:36 / 17.04.2017
6664

Erdo‘g‘an barcha tomonlarni referendum natijalarini tan olishga chaqirdi

Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya demokratiya va xalq xohishi tamoyillariga sodiq qolar ekan, har qanday inqirozlarga qarshilik qila oladi. "2016 yilning 15 iyulidagi harbiy to‘ntaruv harakatlarining barham topishi bunga yaqqol dalil bo‘lishi mumkin", - deya ta'kidladi prezident. 

Uning aytishicha, 16 apreldagi referendum - xalq qat'iyati - o‘z taqdiri, mamlakat kelajagini belgilashning isbotidir. "Anadolu" nashri shu haqidagi xabari bilan bo‘lishdi. 

Erdo‘g‘an referendum natijalarini "ovoz bergan har bir kishining yutug‘i" deya baholadi. "Bu 780 ming kvadrat kilometrli maydonga ega butun Turkiya, mamlakatning 81 provinsiyasida istiqomat qiluvchi 80 million fuqaroning g‘alabasidir", - dedi davlat rahbari. 

Shuningdek u Turkiyaning xorijdagi fuqarolari ushbu g‘alabaning ajralmas qismi ekanini ta'kidladi. "Ittifoqdosh-mamlakatlardan terrorizmga qarshi kurashda hamjihatlikni kutib qolamiz", - dedi Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidenti barcha tomonlarni ovoz berish natijalarini tan olishga, keraksiz bahs-munozaralardan voz kechib, yangi yutuqlar sari harakat qilishga chaqirdi.

Erdo‘g‘an prezident qarorgohi oldida fuqarolarga murojaat qilar ekan, shunday dedi: "Bundan keyin yanada jadal harakat qilamiz. Turkiya o‘z yo‘lini davom ettiradi". 

Mavzuga oid
Top