08:51 / 18.04.2017
4427

Braziliya qurilish kompaniyasi pora bergani uchun 2,6 mlrd dollar jarima to‘laydi

Braziliyaning Odebrecht qurilish konserni foydali shartnomalarni olishda korrupsiyadan foydalangani uchun 2,6 mlrd AQSh dollari miqdorida jarima to‘laydi.   Globo telekanaliga ko‘ra, Nyu York shtatidagi Sharqiy okrugi federal sudi kompaniyaning tergov tomoni bilan kelishuvini ma'qullagan. 

Xabar qilinishicha, bu summadan 2,39 mlrd dollari Braziliyaga to‘lanadi, 93 mln dollari AQShga va 116 mln dollari Shveytsariyaga beriladi. O‘z navbatida, Ispaniyaning El Pais nashri yozishicha, gap Amerika sudining xorijiy kompaniyaga solingan eng yirik jarimasi haqida bormoqda. Hozircha, Odebrecht vakillari sud qarorini izohlashgani yo‘q. 

2016 yil dekabrida AQSh adliya vazirligi Odebrecht va Braziliyaning Braskem neftkimyo kompaniyasi o‘z aybiga iqror bo‘lib, Qo‘shma Shtatlar, Braziliya va Shveytsariyaga 3,5 mlrd dollar jarima to‘lashga rozi bo‘lgani haqida xabar qilgan edi. Xususan, qurilish konserni ko‘rsatmalarida aytilishicha, uning rahbariyati 2001-2016 yillarda 12 mamlakatdagi qurilish ishlarini olib borish uchun 788 mln dollar miqdorida pora bergan. 

Odebrecht Janubiy Amerikaning eng yirik qurilish kompaniyasi hisoblanib, Petrobras davlat neftgaz kompaniyasi pudratchilaridan biridir. 2015 yil iyun oyida Odebrecht prezidenti Marselu Odebrext Braziliya federal politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan edi. 2016 yil martida u korrupsiya, pullarni noqonuniy o‘tkazish va jinoiy guruhda ishtirok etganligi uchun 19 yilu 4 oyga qamalgan edi. 

Top