Jahon | 11:54 / 18.04.2017
53453
3 daqiqa o‘qiladi

Peterburg terakti tashkilotchisi sifatida ushlangan Azimov haqida yangi ma'lumotlar berildi

Sankt-Peterburgdagi terakt tashkilotchiligida gumon qilinib 17 aprel kuni Moskva shahri yaqinida qo‘lga olingan Abror Azimov telefonini yoqqani tufayli qo‘lga tushgan. Bu haqda huquq-tartibot organlaridagi manbasiga asoslangan holda Kommersant' nashri xabar tarqatdi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs terakt ijrochisi sifatida gumon qilinayotgan Akbarjon Jalilov bilan aloqada bo‘lgan. Aynan Azimov teraktdan oldin Jalilov bilan oxirgi marta qo‘ng‘iroqlashgan shaxs edi. 

Gumonlanuvchi bir necha kundan buyon qidiruvda edi. U portlashdan so‘ng yashash joyini o‘zgartirgan va barcha telefonlarini tashlab yuborgan. 17 aprel kuni u yangi telefon va sim-kartalar sotib olgan. Sim-kartalardan birini yoqishi bilan u o‘zining qayerdaligini bildirib qo‘ygan.

Azimovni Moskva viloyatining Odintsovo tumanidagi temir yo‘l yoqasida FXX xodimlari qo‘lga olishdi. Uning yonidan Makarov rusumli to‘pponcha topilgan.

Video: Peterburg terakti tashkilotchisi sifatida markaziy osiyolik qo‘lga olindi

Tergov jarayonida aniqlanishicha, Azimov Abror Ahralovich 1990 yilda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida tug‘ilgan, 2013 yilning 25 mayida Qirg‘iziston fuqaroligidan chiqarilgan.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida «Sennaya ploshchad» va «Texnologicheskiy institut» bekatlari oralig‘ida portlash ro‘y berdi. «Ploshchad Vosstaniya» bekatida ham portlovchi qurilma topildi va zararsizlantirildi. Terakt oqibatida 15 kishi halok bo‘lib, 49 kishi jarohatlandi.

Tergov qo‘mitasi ushbu terakt kelib chiqishiga ko‘ra qirg‘izistonlik bo‘lgan 22 yoshli Akbarjon Jalilov tomonidan sodir etilganini e'lon qildi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, 2015 yilda Jalilov Peterburgdagi sushi-barda oshpaz bo‘lib ishlagan, ammo keyingi yilda uni ko‘rishmagan.

Ba'zi manbalar teraktdan oldinroq Jalilov Turkiyada 1 yildan ortiq muddat yashagani va keyin deportatsiya qilingani haqida yozgandi.

Mavzuga oid