Jahon | 09:49 / 19.04.2017
4540
2 daqiqa o‘qiladi

Filippinda avtobus ishtirokidagi avtohalokat 31 kishining umriga zomin bo‘ldi

Filippinda avtobus ishtirokidagi avtohalokatda halok bo‘lganlar soni 31 kishigacha ortdi, deb xabar bermoqda "Frans Press" axborot agentligi. 

18 aprelda bir necha o‘nlab yo‘lovchilarni olib ketayotgan avtobus Nueva-Esixa viloyatida jarlikka qulagan. Dastlab 24 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 46 kishi jarohat olgan, ulardan 4 nafarining ahvoli og‘ir deya baholangan. Hammasi bo‘lib avtobusda 77 yo‘lovchi bo‘lgan.  

"G‘ildirak teshilgach, avtobus jarlikka qulagan. Ko‘rinishicha, avtobus me'yoridan ancha ortiq yuklangan bo‘lgan. Shu sabab uning g‘ildiraklari dosh bera olmagan", deb aytdi mahalliy politsiya vakili. Avvalroq guvohlar voqea vaqtida avtobus juda tez ketayotgan bo‘lganini aytishgan.

Filippinda bunday fojialar ayniqsa tog‘li hududlarda tez-tez yuz berib turadi. Oxirgi yillarda eng yirik bunday yo‘l-transport hodisasi 2010 yil avgustida yuz bergan. O‘shanda avtobusning daraga qulashi oqibatida 40 dan ko‘proq odam halok bo‘lgan.

Mavzuga oid