14:32 / 19.04.2017
8488

XXR vakili: Xitoy - O‘zbekistonning eng yirik investitsion hamkori

19 aprel kuni Toshkent shahridagi Xalqaro biznes-markazida O‘zbek-Xitoy biznes forumiga start berildi. Tadbirda O‘zbekistonning tegishli vazirlik, boshqarma va korxonalari vakillari bilan birga Xitoy Xalq Respublikasi (XXR)ning energetika, metallurgiya, telekommunikatsiya, transport kabi bir qator sohalar vakillari qatnashishdi. 

Xitoy tomoni O‘zbekistonda Investitsiya Davlat qo‘mitasining tuzilishini alohida e'tirof etdi va investitsiya har qanday mamlakat taraqqiyotida muhim rol o‘ynashini ta'kidladi. Xitoy vakili ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan vaqtdan boshlab ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar muvaffaqiyatli rivojlanib kelayotganini qayd etdi. 

Ta'kidlash joizki, 1992 yilda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar almashinuvi 47 million AQSh dollarini tashkil qilgan, o‘tgan yili esa bu ko‘rsatkich 4,7 milliard dollarga yetgan - bu ko‘rsatkichlarning 100 karra o‘sganidan dalolatdir. 2017 yilning birinchi choragida ikki mamlakat o‘rtasida tovar almashinuvi qiymati 1,2 milliard dollarni tashkil qildi. Investitsiyalar esa 7,6 milliard dollarni tashkil etadi, bu mazkur ko‘rsatkichlarning ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan vaqtdan buyon 700 barobarga o‘sganini ko‘rsatadi.

XXR O‘zbekistonning eng yirik investitsion hamda ikkinchi o‘rinda eng yirik savdo hamkori ekanligi qayd etildi. Xitoy vakili O‘zbekiston va XXR davlat rahbarlarining uchrashuvi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi. 

Biznes-forumda Xitoyning yirik kompaniyalari ishtirok etayotgani hamda ularning O‘zbekistondagi korxonalar bilan hamkorlik bitimlari tuzishdan manfaatdor ekani ta'kidlandi. Jumladan, SinoHYDRO Xitoy davlat hidroenergetika kompaniyasi va Sinosteel korporatsiyasi tadbirda o‘z taqdimoti bilan qatnashdi. 

Shuningdek O‘zbekistondan "O‘zbekenergo" hamda "O‘zkimyosanoat" korxonalari Xitoy vakillarini o‘z faoliyat doiralari bilan atroflicha tanishtirishdi. 

Top