23:29 / 20.04.2017
12289

Andijonda Respublika baynalmilal markazining 25 yilligiga bag‘ishlangan festival boshlandi

Yurtimiz aholisi haqida gap ketganda doimo "ko‘p millatli xalq” degan ibora qo‘llanilib kelinadi. Darhaqiqat, yurtimizda 130 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladilar. Bugungi kunda mamlakatimizda barcha millat vakillari o‘z milliy markazlariga ega. Istiqlolning ilk yillarida tashkil topgan "Respublika baynalmilal markazi” joriy yilda 25 yoshga to‘lib, shu vaqt oralig‘ida O‘zbekiston chinakamiga ko‘p millatli ahil oilaga aylandi.

Markazning respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilishi rejalashtirilgan festivali birinchilardan bo‘lib Andijon viloyatida boshlandi. Andijonda faoliyat ko‘rsatayotgan 5 ta (uyg‘ur, koreys, rus, qirg‘iz va arman) madaniy markazlari viloyatda istiqomat qilayotgan  turli millat vakillari bilan hamjihatlikda mazkur tadbirga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rdilar.

Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, viloyat hokimligi hamda Andijon davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan “O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiori ostida o‘tkazilgan festivalda poytaxtdan kelgan mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari Shahzodbek Tursunov, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi raisining o‘rinbosari Munojatxon Nurmatovalar millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, tinchlik-xotirjamlik va yoshlarimizga yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirdi.

Qo‘rg‘ontepa tumanida mehmonlarni karnay-surnay sadolari ostida noz-ne'matlar bilan kutib olindi. Bu yerda mehmonlarga ozarboyjoncha kelin salom namoyish etilib, barcha “Andijon polkasi”ga raqsga tushdi.

Samimiy muloqotlar davomida yoshlar va turli millat vakillari o‘zlarining dil izhorlarini bildirish bilan birga ijod na'munalaridan o‘qidilar, ona tillaridagi ijod namunalaridan ijro qildilar.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top