19:22 / 20.04.2017
13758

"Oliy ta'lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi" ishlab chiqildi

2017 yil 20 aprel kuni Milliy matbuot markazida Oliy ta'lim vazirligi tomonidan “Oliy ta'lim tizimida yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi: erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumani davomida vazirlik mas'ul rahbar-xodimlari yoshlar siyosati bo‘yicha shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma'lumot berishdi. Shuningdek O‘zbekistondagi faol yoshlar, jahon sahnidagi musobaqalarda oliy o‘rinlarni egallagan talabalar so‘zga chiqishdi. Fikrimcha, talabalar va vazirlik xodimlarining bir doirada o‘tirishi ham 2017 yilning davlatimiz tomonidan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deya e'lon qilinishi samarasidir. Matuot anjumani so‘ngida vazirlik xodimlari tomonidan  OAV vakillari savollariga javob berildi.

Jumladan, "Kun.uz" muxbirining "Oliy ta'lim muassasalarida O‘zbekistonning imidjini ko‘tarish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda, istiqboldagi rejalar qanday?" degan savoliga vazirlik vakili quyidagicha javob berdi:

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturi” qabul qilindi. Uning to‘rtinchi yo‘nalishi ijtimoiy sohaga mo‘ljallangan bo‘lib, xuddi shu yo‘nalishda yoshlarga doir siyosat olib borish, ta'lim sohasidagi amalga oshiriladigan vazifalar belgilandi. 

Shu masala bo‘yicha hozirgi kunda Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi tomonidan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan "Oliy ta'lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi" ishlab chiqildi, hozirda uni imzolash jarayoni ketmoqda. Bu dasturda mamlakatimizda kelgusi besh yilda ta'lim sohasida amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlar, o‘quv jarayoni, ilmiy soha yoki yoshlarning ma'naviyatini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan vazifalar o‘z aksini topdi. 

Prezidentimiz tomonidan bugungi kunda berilgan topshiriqqa ko‘ra, yoshlar o‘qishdan bo‘sh vaqtida bo‘sh qolmasligi kerak. Ular uchun kompleks sharoit yoki vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha, xususan dasturning 278-bandida talabalar shaharchasida talabalarning madaniy dam olish markazini tuzish ko‘zda tutilgan. Milliy universitet hududida yil oxiriga qadar talabalarning dam olishiga mo‘ljallangan katta inshoot qurilmoqda. Uni qurish uchun davlat byudjyetidan 5 milliard 300 million so‘m mablag‘ ajratildi. Bugungi kunda mana shu obektni qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu obektda yoshlarimizning kelajakda yetuk kadrlar bo‘lib yetishib chiqishi, o‘z ustida ishlashi uchun qulay sharoit yaratib beriladi. 

Bundan tashqari, shuni quvonch bilan ta'kidlash mumkinki, barcha oliy ta'lim muassasalarida ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari shtatlari joriy qilindi. Shuningdek ma'naviyat bo‘limida ish olib boradigan shtatlar kengaytirildi. 

Top