Sport | 16:52 / 20.04.2017
109298
20 daqiqa o‘qiladi

«Go‘zal peshayvon nimalarni to‘sgan?» - O‘FFdagi yakka hokimchilik va qarindosh-urug‘chilik haqida

Anhor.uz saytida taniqli futbol eksperti Alisher Aminovning «O‘zbekiston futboli: go‘zal peshayvon nimalarni to‘sib turibdi?» sarlavhasi ostida intervyusi e'lon qilindi. Avvalroq ham shu sayt Alisher Aminov bilan intervyu uyushtirgan va suhbat davomida futbolimizdagi og‘riqli holatlar tilga olingan edi.

Alisher Aminov futbol jamoatchiligimizga, muxlislarimizga bir qadar tanish shaxs. Keling, ushbu mutaxassisning tarjimai holini yana bir eslab o‘tsak.

Alisher Anatolevich Aminov 1962 yilda Toshkentda tug‘ilib, katta bo‘lgan. Sobiq ittifoq chempionati davrida ikkinchi va birinchi liga klublarida ishlagan. O‘zbekiston savdo vazirligida ishlagan. 2008 yilda «Kadrlar riski boshqaruvchi tizimi sifatida kadrlar menejmenti rivoji» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Rossiya futbol ittifoqida futbolni rivojlantirish dasturini amalga oshirish qo‘mitasi tuzilishida bosh-qosh bo‘lgan. 

Foto: Alisher Aminov

2010 va 2015 yillarda Rossiya futbol ittifoqi prezidentligi uchun saylovda kurashgan.

Endi e'tiboringizga intervyuning eng muhim qismlaridan parchalar havola etamiz:

Anhor.uz: - Oldingi intervyungizda o‘zbek futbolidagi holatga tanqidiy baho berib, tizimli xarakterdagi muammolarni ochib tashlagan edingiz. Davlat hokimiyati va futbol jamoatchiligining reaksiyasini kutyapsizmi?

Alisher Aminov: - Hozircha reaksiya yo‘q. Aynan muloqotning yo‘qligi, jamoatchilik hali tizimli muammolarni muhokama etishga tayyor emasligini bildiradi. Buning hayron qolarli joyi ham yo‘q. Futbol sub'yektlari uzoq yillar davomida O‘FF e'tiboridan chetda qolgan, muhim qarorlarning absolyut katta qismi federatsiya prezidenti tomonidan yakka qabul qilingan.

Shularni e'tiborga olib, yana qaytaraman: faqatgina O‘FF faoliyatini demokratlashtirish, professionallik prinsiplarini joriy etish, qarorlarni qabul qilishda oshkoralik va jamoaviylik tomon yo‘l tutish futbol jamoatchiligi rolini va uning respublika futbol hayotidagi nufuzini oshiradi.

- Shunday fikrlar borki, O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov o‘ziga voris etib o‘g‘li Jahongirni — futzal assotsiatsiyasi vitse-prezidentini tanlagan emish...

- Bu sizni hayron qoldiryaptimi? Meni esa yo‘q. Sobiq SSSRning deyarli barcha mamlakatlari futbol federatsiyalari boshqarish uslubi bilan bir-biridan keskin farqlanmaydi. Ularning «umumiy jihati» — futbol hokimiyatining davlat rahbarining qarindoshlari, yaqin do‘stlari yoki kamida safdoshlari tomonidan egallab olinganidir. Masalan, Qozog‘istonda prezident Nazarboyevning hozir marhum kuyovi futbolni boshqargan, endi esa QFF rulida (vitse prezident sifatida) — prezidentning yana bir qarindoshi. Tojikistonda futbol bilan prezident Imomali Rahmonning o‘g‘li Rustam shug‘ullanadi. Ozarboyjonda esa — «Sokar» davlat neft kompaniyasi rahbari. Rossiyada prezident Putinning do‘stlari. Belarus va Turkmanistonda ham shunga o‘xshash holatlar. 

- Nega siz Jahongir Usmonov O‘FFni boshqarishga qodir emas, deb hisoblaysiz? Axir futzal assotsiatsiyasining maqtanishga arzigulik natijalari bor emasmi?

- Ba'zi bir mutaxassislar uning O‘zbekiston futzal assotsiatsiyasi rahbarligidagi faoliyatini ijobiy baholashadi, ayniqsa, terma jamoaning jahon chempionatining final qismiga yo‘llanma olganini buyuk natija sifatida ko‘rishadi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, milliy terma jamoaning xalqaro turnirlardagi ishtiroki — har qanday federatsiya hayotining go‘zal peshayvoni hisoblanadi.

Agar futzal bo‘yicha JCh-2016da Osiyo qit'asiga kvotalar soni keskin oshirilgani — 5ta yo‘llanma taqdim etilgani hisobga olinsa, bu natijani rivojlanish, deb atab bo‘larmikan?  Ya'ni, terma jamoa oldidagi vazifa ancha osonlashgandi: Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionatida kuchli beshlikdan o‘rin olinsa bas. Undan oldingi yillar mobaynida Toshkentda ikki bor futzal bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazilgan va har ikkisida O‘zbekiston finalda o‘ynagan. O‘z-o‘zidan aniqki, bu safar ham uddalashdi.

Fikrimcha, jahon chempionatiga chiqish — kichik Usmonov tashabbusi bilan 6 yildan buyon xorijiy mutaxassislar shug‘ullantirayotgan O‘zbekiston terma jamoasi uchun minimum vazifa hisoblanadi.

- Maksimum vazifa-chi?

- Final bosqichida hech bo‘lmaganda guruhdan chiqish. Biroq juda omadli qur'aga qaramasdan, Kolumbiyada O‘zbekiston hattoki Panamaga ham yutqazib, guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi.

- Ya'ni futzalimiz ham «katta akasi»dan ko‘p ham uzoqqa ketmagan?

- O‘FA so‘nggi 10 yil ichida mamlakatda futzalni targ‘ibot qilish uchun hech narsa qilgani yo‘q. Chempionat va kubok o‘yinlari bir tur usuli bilan, ko‘pincha Toshkentda o‘tkaziladi. Ya'ni viloyatdagi muxlislar o‘z jamoalarini oylab ko‘rishmaydi, poytaxtdagilar esa kirishmaydi. Har kuni o‘ynagandan so‘ng qanday mashg‘ulot jarayoni haqida gap bo‘lishi mumkin? Tiklanish va taktik tahlil uchun vaqt umuman bo‘lmaydi.

- Sizda bu borada ijobiy misollar bormi?

- Misollar ko‘p. Rossiyada, masalan, chempionat uy-safar tizimida tashkil etilgan, turlar dam olish kunlari o‘tkaziladi. Bundan tomosha qilish uchun qulay vaqtga ega bo‘lgan muxlis ham, o‘yinini takomillashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan jamoalar ham yutadi.

Menga Rossiya va O‘zbekiston klublarining moliyaviy imkoniyatlarini taqqoslab bo‘lmaydi, deya e'tiroz bildirishlari mumkin. Yaxshi, lekin qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistonda ham chempionatlar shunday sxemada o‘tadi-ku? Lekin u yerda hech kim cheklangan moliyaviy imkoniyatlar haqida so‘z ochmaydi. Darvoqe, Osiyo futbol konfederatsiyasi bu mamlakatlarda futzalni rivojlantirishdagi muvaffaqiyatlarni tan oldi va ularga klublar o‘rtasidagi qit'a birinchiligida qatnashish uchun joy taqdim etdi. O‘zbekiston esa hozircha terma jamoaning avvalgi o‘yinlari sharofati bilan o‘z pozitsiyalarini saqlab qolmoqda.

Tabiiyki, bunday «natijalar» qatnashuvchilarda ham, muxlislarda ham shunday ajoyib sport turiga bo‘lgan qiziqishni so‘ndiradi. O‘FAda texnik rivojlantirish bo‘yicha biror jo‘yali reja ham, to‘laqonli murabbiylar maktabi ham yo‘q. Shu sababli, yanada kattaroq tashkilotga rahbar bo‘lgan qoloq assotsiatsiya prezidenti kutilmaganda qandaydir yangidan-yangi iqtidorlarni chiqarib berishini kutish yaramaydi.

Ayrimlar O‘FF va O‘FA rahbarlari orasidagi qarindoshlik aloqalariga asoslangan bu voqealarning mohiyatidan yaxshi xabardor. Darvoqe, nafaqat Usmonovning o‘g‘li O‘FAda rahbar. Unga masalan, Rustam Tolibjonov yordam beradi u esa Terma jamoalar tayyorlash markazi direktori Asqar Tolibjonovning o‘g‘li. Bu odamga ham savollar talaygina...

- O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidentini tanlashda qaror qabul qilishning qaysi tizimi sizning nazdingizda eng samaralisi?

- Takrorlashga majburman: taassufki sobiq SSSR davlatlarida futbol to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlatga bog‘liq. Bog‘langanda ham o‘rab-chirmalgan. Aslida jamoatchilik tashkilotlari bo‘lishi lozim bo‘lgan futbol federatsiyalarida qarorlar qabul qilish, prezidentlar saylash, professional futbolni moliyalashtirish — bularning bari davlat strukturalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashuvisiz ro‘y bermaydi.

Tizim, albatta, qaror qabul qilishning bir necha bosqichini nazarda tutadi, biroq asosiysi va hal qiluvchisi, xususan O‘zbekistonda, davlatning qaroridir. Amaliyotdan ko‘rinib turibdiki, bu usul — futbol sohasining degradatsiyaga uchratish uchun eng maqbul yo‘l. Agar biror-bir mamlakatda davlat sport federatsiyalari bilan bahamjihat ishlash prinsiplarini o‘zgartirishga tayyor emas ekan, u kamida barcha sport turlari bo‘yicha ishlarning qay ahvolda ekanligi tahlili bilan shug‘ullanishi kerak.

- Prezidentning u yoki bu muammoga diqqat-eʼtiborini qaratuvchi, turli sohalarni nazorat qilib boradigan yordamchilari bor, jumladan jismoniy tarbiya va sport sohasida ham. Nahotki bu aniq qarorlar qabul qilish uchun yetarli bo‘lsa?

- Zamonaviy jamiyatning rivojlanishida jismoniy tarbiya va sportning roli beqiyos. Millat salomatligi fuqarolar jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishga nechog‘lik jalb etilgani bilan bog‘liq, u esa iqtisodiy ko‘rsatkichlarga, davlatning raqobatbardoshligiga o‘z ta'sirini o‘tkazadi. Sohani rivojlantirish davlatning ichki siyosatidagi o‘ta muhim ustuvor vazifalar sirasiga kirishi kerak. 
 
Riodagi olimpiada — O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshisi bo‘ldi. Bir tomondan qaraganda milliy sport ravnaq topmoqda. Biroq medallarimiz strukturaviy jihatdan tahlil etilsa, ularning yarmidan ko‘pi individul sport turlari orqali qo‘lga kiritilganiga guvoh bo‘lamiz. 
 
Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan shuncha davrdan buyon sportchilarimiz yengil atletika va suzish kabi sport turlarida sovrinli o‘rinlarga hattoki yaqinlasha olishmagan, sportning jamoaviy, o‘yin turlarida esa juda kam ishtirok etishgan. Ya'ni, eng ommaviy sport turlarida ortda qolayotganimiz ko‘rinib turibdi. Bunga esa sabablar ko‘p, ularning eng asosiysi — mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni tashkillashtirishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganidir.

Davlat sportga oid jamotchilik tashkilotlari o‘rtasidagi hamjihatlikning samarali mexanizmi ishlab chiqilmagani, davlat kompaniyalari va hududlar byudjyetlari tomonidan klublarni boqish uchun byudjyet mablag‘larining xo‘jasizlarcha tasarruf etilishi, sportning jamoaviy o‘yin turlarini rivojlantirishda ustuvorliklar yo‘qligi, sport jamoatchiligi bilan muloqotning mavjud emasligi — bularning barchasi ko‘plab sport turlarini, jumladan, futbolni rivojlantirishda yo‘l qo‘yilayotgan muvaffaqiyatsiz qadamlarning sababini aniq baholashda davlat rahbariyatiga to‘sqinlik qilmoqda.

- Siz Rossiya sharioitida futbolni rivojlantirish dasturi muallifi hisoblanasiz. Uni o‘z vataningiz futboliga joriy etishga urinib ko‘rmaysizmi? Balkim siz O‘FF prezidentligi lavozimi uchun kurashib ko‘rarsiz?

- Shubhasiz, O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish ishiga hissa qo‘shishni istayman. Biroq ikki marta nomzodim ilgari surilgan RFI yoki O‘FF prezidentligi lavozimi men uchun asosiy maqsad bo‘lmagan. Nazariyada qanchalik go‘zal bo‘lmasin, rivojlantirish dasturini amaliyotga tatbiq etish va boshqaruv tizimini o‘zgartirish faqatgina davlat tomonidan ham, futbol jamoatchiligi tomonidan ham bu uchun zarur sharoitlar yaratilgandagina mumkin bo‘ladi. Asosiysi, barcha manfaatli tomonlar bir mafkura bilan nafas olishlari va oldinga qo‘yishgan maqsad va vazifalarga yetishish uchun birlashishga tayyor bo‘lishlari kerak. 
 
Printsipial bir holatga e'tiboringizni jalb qilmoqchiman: hech qachon RFI prezidenti saylovida qatnashish uchun yozilgan dasturim birgina mening mehnatim mahsuli demaganman. Albatta, unday emas. Bu dastur — RFIning futbolni rivojlantirish dasturi bo‘yicha qo‘mitasining mehnati evaziga vujudga kelgan, ko‘plab insonlarning birgalikdagi mehnati. Ishoning, sohaga doir kompleks dasturni o‘yinni rviojlantirishni maqsad qilgan barcha aqli raso kuchlarni birlashtirmasdan, bir kishi yozishining iloji yo‘q. Uni bir kishi amaliyotga tatbiq etishi esa — undan-da qiyin.

Bular Alisher Aminovning anhor.uz saytida «O‘zbekiston futboli: go‘zal peshayvon nimalarni to‘sib turibdi?» sarlavhasi ostida berilgan intervyusida aytgan gaplari. Endi keling, shu saytda e'lon qilingan «O‘zbekiston futboli: bemor tirikdan o‘likka ko‘proq o‘xshaydi» sarlavhasi ostida berilgan intervyusidan ham parchalar keltiramiz:

«So‘nggi yillarda O‘zbekiston Federatsiyasi qanday boshqarilmoqda? Barcha kadr masalalari, jumladan, terma jamoa murabbiyini tayinlash qarori ham faqat birgina inson – O‘FF prezidenti (Mirabror Usmonov) tomonidan mustaqil amalga oshirilgan. Vaziyatni tahlil qilish, baholash va o‘z xulosasini berish bilan shug‘ullanishi va rahbar tomonidan e'tiborga olinishi kerak bo‘lgan murabbiylar kengashi deyarli ishlamaydi. Natija bo‘lmaganda esa, prezident emas, mutaxassislar javobgar bo‘ladi».

Foto: Mirabror Usmonov

«O‘FFning moliyaviy faoliyati shaffof emas – hatto federatsiya xodimlari ham tashkilotning byudjyeti va xarajatlari haqida ma'lumotga ega emas. Ularga buni bilish nega kerak? Axir hammasini O‘FF prezidentining o‘zi hal qiladi-ku? Muhim masalalarni hal qilishi kerak bo‘lgan hech qanday organ ishlamaydi, futbolchilarning ham, murabbiylarning ham huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan kasaba uyushmasi yo‘q. Natijada murabbiylarning ham, futbolchilarning ham talablari umuman e'tiborga olinmaydi, chunki federatsiyada ularning manfaatlarini himoya qiladiganlar mavjud emas. Klublar esa, ular bilan istagan ishini qilishi mumkin, shartnoma bandlarini bemalol e'tiborsiz qoldiraveradilar. Axir jabrlanuvchilar hech qayerga shikoyat qila olmaydilar».

«O‘zbekiston terma jamoasining yagona g‘alabasi Xirosimaga to‘g‘ri keladi. Bu tarixiy g‘alaba ham aslida sovet davridagi futbolchi tayyorlashdagi yutuqlarimiz va o‘sha jamoaning tajribali murabbiylar shtabi tufayli bo‘lgandi. Ammo bu yutuq keyingi rivojlanish uchun turtki bo‘lmadi».

«O‘zbek futbolidagi menejment sohasi, oddiy qilib aytganda, yaxshi emas, O‘FF ham, liga ham, ta'lim sohasi ham futbol menejyerlarini tayyorlaydigan zamonaviy tizim yarata olmadilar. Sport sohasi uchun tajribali yuristlar tayyorlanmaydi».

«Aytish mumkinki, O‘zbekistondagi professional futbol inqiroz yoqasida: ligalar rivojlanmayapti, klublar aniq g‘oya va maqsadlar uchun ishlamayaptilar, daromadlar va xarajatlar o‘rtasida juda katta farqlar mavjud, klublar davlatlar moliyaviy yordam olgan holda o‘z vazifalarini, xususan raqobatbardosh futbolchilarni tarbiyalay olmayaptilar».

«Futbolimizning iqtisodiy modeli tosh asri darajasida qolib ketgan, zamonaviy emas!»

Futbol jurnalisti Qahramon Aslanov A.Aminovning birinchi intervyusidan keyin shunday deb yozadi: 

- Men mutaxassis bo‘lmaganim uchun, bu fikrlar qay darajada haqiqat yoki noto‘g‘ri, baholash saviyasida emasman. Intervyuni to‘liq o‘qigan odam, Alisher Aminovning O‘FFni boshqarish istagi borligini, shu bilan birga, O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish uchun o‘z rejasiga ega ekanini osonlik bilan payqay oladi.

Men mutaxassis bo‘lmaganim uchun, Aminov O‘FF rahbari bo‘lsa, futbolimiz hozirgidan yomonroq bo‘ladimi, yaxshiroqmi, buni aniq ayta olmayman. Aminovning rejalari, strategiyalari qay darajada ishlashi mumkin, bu haqda ham jim turaman.

Men e'tibor bergan jihat, bu insonning 2013 yilning sentabrida «Interfutbol» gazetasi maxsus muxbiri Mavlon Shukurzodaga bergan intervyusi bo‘ldi. Ushbu intervyuni mana bu yerda to‘liq o‘qib chiqishingiz mumkin, e'tiboringizga mening mavzuimga mos qismi tarjimasini havola qilaman:

«Umuman olganda, O‘zbekistondagi futbol rivojlanishi yetarlicha jadal davom etmoqda. 22 yillik mustaqillik yillarida o‘zbek futboli maqsadli yo‘nalishda oldinga qadam tashladi, ayniqsa, so‘nggi 10 yilda bu narsa yanada ko‘zga tashlandi. Butun dunyo o‘zbek futboli yutuqlariga guvoh bo‘lib turibdi. Xirosimadagi g‘alaba O‘zbekistonda futbolning sovet yillarida ham yaxshi ekanini ko‘rsatgan bo‘lsa, keyingi natijalar – klublarimizning chempionlar ligasida, turli yoshdagi terma jamoalarning jahon chempionatlaridagi ishtiroklari keyingi yillarda ham O‘zbekiston futbolidagi barcha sohalar tizimli tarzda rivojlanib borayotganidan dalolat bermoqda.

Yoshlar dunyoning kuchli sakkiztaligiga kirdilar, milliy terma jamoa Osiyodagi eng kuchli besh jamoadan biridir. Saudiya Arabistoni, Eron, Koreya va Yaponiya kabi JCh ishtirokchilari ham terma jamoangizdan hayiqib turadilar.

Istiqbolda, mening fikrimcha, eng yaxshi yosh futbolchilar Yevropadagi kuchli jamoalarda o‘ynay boshlaydilar. Toshkentda, Qarshi, Samarqand va Buxoroda ajoyib zamonaviy stadionlar qurildi.

Futbol akademiyalarining qurilishi, zamonaviy murabbiylarni tayyorlash tizimi, hakamlarni o‘qitish uslubi – bularning hammasi futbolning maqsadli rivojlanish yo‘lidan borayotganidir. Men O‘zbekistonning bu yutuqlari bilan faxrlanaman.

Mamlakat prezidenti, hukumat va O‘FF rahbariyati o‘z xalqi uchun, kelajak avlod uchun, ularning sog‘lom yetishishlari uchun nima kerak bo‘lsa, hammasini bajarishmoqda».

«Yuqorida keltirgan parcha intervyudagi fikrlarga mutlaqo ters, ammo bunga ishonish qiyin bo‘lsa-da, aynan bir inson — Alisher Aminov tomonidan aytilgan. Yanayam ishonish qiyin bo‘lgan jihat: bu ikki intervyu orasidagi farq atigi uch yilni tashkil qilmoqda, xolos. Bu fikrlar oddiy bir jurnalistning osonlik bilan o‘zgarib turadigan fikrlari emas, ekspertning «diagnozi»dir. E'tibor bergan bo‘lsangiz, bu diagnoz turli davrlar uchun emas, aynan bir davr uchun, faqat ikki paytda aytilmoqda xolos.

Savol tug‘iladi, mana shu uch yilda Aminovning fikrlarini keskin o‘zgartirib yuboradigan qanday voqea bo‘ldi? Nima o‘zgardi?! Mirabror Usmonovning O‘FF boshiga kelganiga o‘n yildan oshgan bo‘lsa, axir Aminov dastlabki intervyusida ayniqsa so‘nggi 10 yilda rivojlanish ko‘zga tashlanganini aytmayotganmidi?

O‘ylab-o‘ylab topdim! So‘nggi uch yilda O‘zbekiston futbol federatsiyasida kuzatilgan o‘zgarishni nihoyat topdim. Rustam Akramov endi O‘FFda ishlamayapti. Bu voqeaga ham bir yildan oshdi. Rustam Akramov esa — Alisher Aminovning tog‘asi bo‘ladi.

Foto: Rustam Akramov

Bilasizmi, qachon rivojlanamiz? Futbolimiz muammolarini ochiq-oydin ayta oladigan xolis ekspertlarimiz paydo bo‘lishsa. Ular ko‘payishsa. Buning uchun ularning tog‘alarini oldin O‘FFga ishga olib, keyin haydash kerakmikin?..», — deya yakunlagan Q.Aslanov intervyu borasidagi o‘z fikrini.

Sh.Shokirjonov tayyorladi.

 

Mavzuga oid