17:53 / 20.04.2017
7497

Sayyor qabulxona: Bektemir va Mirzo Ulug‘bek tumani aholisining murojaatlari o‘rganib chiqildi

Joriy yilning 19 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, Prezidentning Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek va Bektemir tumanlaridagi Xalq qabulxonalari tomonidan poytaxt aholisi uchun navbatdagi sayyor qabullar tashkil etildi.

Sayyor qabullarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari, davlat qo‘mitalari rahbarlari, Toshkent tumanlari hokimliklari mas'ul xodimlari, fuqarolar ishtirok etdi. 

Tadbirda ta'kidlanganidek, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi aholidan bugungi kungacha jami 18 206 ta murojaat kelib tushgan. Sohalar bo‘yicha o‘rganilganda murojaatlarning asosiy qismi uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish, joylarda uy-joylarning ta'mirga muhtojligi yuzasidan masalasi bo‘yicha 3 138 ta murojaat (17,2 foiz), bank-moliya masalalari bo‘yicha 1 303 ta murojaat (7,2 foiz), moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish masalalari bo‘yicha 1 224 ta murojaat (6,7 foiz), sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlar ko‘rilishi bo‘yicha 1 017 ta murojaat (5,6 foiz), obodonlashtirish va kommunal xo‘jaligi masalalari, shu jumladan, yo‘llarni ta'mirlash masalalari bo‘yicha 843 ta murojaat (4,6 foiz) kelib tushgan.

Kelib tushgan murojaatlarning 6 706 tasi Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligiga tegishli bo‘lib, ularning 6 534 tasi jismoniy shaxslardan hamda 172 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 5 658 tasi (84,4 foiz) ko‘rib chiqilgan bo‘lib, hozirda 1 048 ta (15,6 foiz) murojaat ko‘rib chiqilish jarayonida.

O‘z navbatida, Bektemir tumanida istiqomat qiluvchi aholidan bugungi kungacha jami 3 024 ta murojaat kelib tushgan. Sohalar bo‘yicha o‘rganilganda murojaatlarning asosiy qismi uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish, joylarda uy-joylarning ta'mirga muxtojligi yuzasidan masalasi bo‘yicha 663 ta murojaat (21,9 foiz), moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish masalalari bo‘yicha 188 ta murojaat (6,2 foiz), bank-moliya masalalari bo‘yicha 162 ta murojaat (5,3 foiz), sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlar ko‘rilishi bo‘yicha 152 ta murojaat (5,0 foiz), sud qarorlarining ijro etilishi masalalari bo‘yicha 187 ta (6,1 foiz), mehnat va bandlik masalasi, shu jumladan ishga joylashish va ishga tiklanish masalalari bo‘yicha 132 ta murojaat (4,3 foiz) kelib tushgan.

Kelib tushgan murojaatlarning 1 183 tasi Bektemir tuman hokimligiga tegishli bo‘lib, ularning 1 158 tasi jismoniy shaxslardan hamda 25 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. 

Tadbirda ta'kidlab o‘tilganidek, bu raqamlar bir tomondan xalqimizning davlat hokimiyati va qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shahar va tuman hokimliklari mas'ul shaxslarining xalqdan, uni qiynab kelayotgan muammolardan uzoqlashib qolgani, murojaatlar bilan ishlash sohasiga yetarli darajada e'tibor qaratmagani kabi salbiy omillar chuqur ildiz otib ketganini ko‘rsatadi. Mazkur murojaatlar qonunda belgilangan ijro muddatlarida ko‘rib chiqilmagan va muddati buzilgan holda javob xati berilgan.

Ochiq muloqotda tumanlarda murojaatlar bilan ishlash, odamlarning ichiga chuqur kirib borish, ularni tinglash, yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish borasida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar keskin tanqid qilindi. Odamlar dardi bilan yashash, ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etib, farovon turmushni ta'minlash, xato va kamchiliklarga befarq bo‘lmay, ularni bartaraf etish uchun jon kuydirish, barcha o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashish kerakligiga e'tibor qaratildi.

Top