O‘zbekiston | 20:36 / 20.04.2017
19117
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sayyohlik sohasi taraqqiyotining bugungi ahvoli qanday?

Tamaddun dunyo xalqlari hayot tarzi, yashash xususiyatlarida ham tub burilish yasadi. Masalan, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji, aholi turmush darajasi yuksalishi, urbanizatsiyaning kuchayishi turizmga bo‘lgan ehtiyoj ortishiga olib keldi. Zero, safar uyushtirish, sayohatga chiqish, tabiat qo‘ynida dam olish bugungi zamon kishilari hayotining tarkibiy qismi, ayni chog‘da salomatlikni mustahkamlash va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazishning muhim shakliga aylandi.

Darhaqiqat, Jahon sayyohlik tashkilotining ma'lumotlariga qaraganda, har yili o‘rtacha 1,2 mlrd. nafar kishi sayohatga chiqadi. Vaholonki, bundan 10 yil muqaddam ro‘yxatga olingan turistlar soni 576 mln. nafarni tashkil etgan, xolos. Mazkur soha jadal rivojlanishining ko‘plab omillari bor, albatta. Ular ichida eng asosiysi — bu dunyoni bilish, tarbiya va sog‘­lomlashtirishni o‘zida mujassamlashtirganidir. Qolaversa, u bunday xizmatlarni tashkil etuvchilarga katta daromad olish imkonini beradi. Hozirgi ­vaqtda dunyo turizmining jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 10 foiz, xizmatlar eksportida 30 foiz, savdo hajmida 6 foizga yetgani, mehnatga layoqatli aholining 8 foizi shu jabhada mehnat qilayotgani buning yaqqol dalilidir.

Avvalo, shuni aytish joizki, mamlakatimizda mustaqillik yillarida turizmning bozor munosabatlariga asoslangan yangi huquqiy va iqtisodiy asoslari yaratildi. Zamonaviy infratuzilma obektlari barpo etilib, turizmning jahon andozalari darajasidagi yangi yo‘nalishlari joriy qilindi. Mavjud tarixiy-madaniy yodgorliklar ta'mirlanishi barobarida, ular keng ko‘lamda targ‘ib etildi. Bu kabi tizimli chora-tadbirlar kutilgan samarani berib, yurtimizning sayyohlik salohiyati tobora oshmoqda. Bunga yaqinda Buyuk Britaniyaning dunyoda mash­hur “Financial Times” gazetasida chop etilgan maqola misol bo‘la oladi.

Gap shundaki, unda 2017 yilda jahon bo‘ylab sayohatga chiqish istagidagilar uchun eng qiziqarli yo‘nalishlar ro‘yxati e'lon qilindi. Gazetada ta'kidlangan to‘qqizta davlat orasida O‘zbekiston jahondagi eng diqqatga sazovor sayyohlik yo‘nalishlari reytingida ikkinchi o‘rinda qayd etildi.

Bu bejiz emas, albatta. Negaki, O‘zbekiston sayyohlik ko‘lami va tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlar sirasiga kiradi.  Mamlakatimizda 7 mingdan ziyod nodir tarixiy yodgorliklar hamda betakror arxitektura namunalari mavjudligi, so‘lim qo‘riqxonalar faoliyat ko‘rsatayotgani, milliy madaniyat, san'at va hunarmandchilikning ko‘p asr­lik an'analari asrab-avaylab kelinayotgani xorijliklarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirmoqda. Biroq mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanilmayotganligi tufayli sohaning xizmat ko‘rsatish va ­eksportdagi hissasi, aholini ish bilan ta'minlashdagi o‘rni ­jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada orqada.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida bu haqda to‘xtalar ekan, turizmdek serdaromad soha rivoji e'tibordan chetda qolib kelayotgani, uning O‘zbekiston iqtisodiyoti taraqqiyotiga qo‘shadigan hissasini oshirish, tarixiy va madaniy qadriyatlarimizni ­targ‘ib qilish, shuningdek, valyuta zaxiralarini to‘ldirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilishi zarurligini alohida ta'kidladi. 

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlarida keltirilishicha, ayni paytda turizmning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi juda past — atigi 2 foiz atrofida. Turizm faoliyatini amalga oshirgan firma va tashkilotlarning soni esa qariyb 400 ta bo‘lib, ularning asosiy qismi Toshkent shahri (73,4 foiz), Samarqand (13,1 foiz), Buxoro (4,5 foiz) va Xorazm (1 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Boshqacha aytganda, O‘zbekistondagi sayyohlik xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan firma va tashkilotlarning 92 foizi, sayyohlarning 93,1 foizi ushbu 4 ta hududga to‘g‘ri keladi.

Prezidentimizning 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni sohada uchrayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etib, uni izchil rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Binobarin, ushbu hujjatda turizmni mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida taraqqiy toptirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, hududlarning ushbu yo‘nalishdagi salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish, tarmoqni bosh­qarishni tubdan takomillashtirish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targ‘ib qilish, O‘zbekistonning ijobiy sayyohlik qiyofasini shakllantirish yo‘nalishlari belgilab berilgan. Ularning izchil ijrosi  yurtimizni jahon turizmining muhim markazlaridan biriga aylantirish imkonini yaratadi.

Qadimgi Buyuk Ipak yo‘li or­qali ko‘plab mamlakatlarning ­turizm marshrutlari tutashgan xalqaro chorrahada joylashgan o‘lkamizda sayyohlikning barcha turini rivojlantirish mumkin.  Ular orasida ekoturizm eng istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Buning uchun g‘oyat xilma-xil hamda boy landshaft, tabiiy ekotizim va resurslar, ulkan rekreatsiya-turizm salohiyatiga egamiz. Qolaversa, yurtimizning quruq subtropik iqlimi, fasllar o‘z o‘rnida almashishi yil davomida, har mavsumga xos va mos ekologik turizm xizmatlari ko‘rsatish imkonini beradi.

Vaholonki, hozirgi vaqtda ­dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (METH)ning iqtisodiy faoliyat uchun muhim ahamiyatga ega estetik tabiiy manzaralari, madaniy-etnografik meros va qulay ekologik resurs salohiyati imkoniyatlaridan ekologik turizmni rivojlantirishda foydalanish asosiy yo‘nalishga aylangan. Shu ma'noda, respublikamizda ekoturizmga asos bo‘ladigan noyob obektlar juda ko‘p. Masalan, 36 ta METH mavjud bo‘lib, ularning umumiy maydoni 2604,2 ming gektarni tashkil etadi. Bundan tashqari, sirli g‘orlar, g‘aroyib shaklli qoyalar, daralar, yer qatlamlari ochilib qolgan joylar, sharsharalar, shifobaxsh buloqlar, ulkan daraxtlar, nafosatli landshaftlar, muzliklar ham bor. Faqat ularni turizmda foydalanishga qaratilgan inventarizatsiya va klassifikatsiyalash, shuningdek, mavjud salohiyatni tibbiy-biologik, turizm-iqtisodiy baholashni amalga oshirish ­talab qilinadi, xolos.

Ta'kidlash kerak-ki, turizm rivojida, ayniqsa, sohaning ­boshqaruv tuzilmasi muhim o‘rin tutadi. Prezidentimizning 2016 yil 2 dekabrdagi Farmoniga asosan, yangidan tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyati, eng avvalo, nazorat va ma'muriyatchilik vazifalarini amalga oshirishga emas, balki turizmda tadbirkorlik faoliyatini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ya'ni qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, sayyohlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish, xizmatlar bozorida raqobatni rivojlantirish, litsenziyalash, sertifikatlash hamda boshqa ruxsatnomalar berish uning zimmasiga yuklandi.

O‘z navbatida, Farmonda O‘zbekistonda yaqin vaqtda turizm sohasini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiya­si, 2017 — 2021 yillarda konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, turizm inf­ratuzilmasini takomillashtirish, soha korxonalariga qo‘shimcha imtiyoz va preferen­tsiyalar berish bo‘yicha ham dolzarb tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Unga ko‘ra, yaqin istiqbolda xorijiy investitsiya­larni keng jalb qilgan holda, respublikamizning barcha hudu­dida turizm infratuzilmasining zamonaviy obektlari, eng avvalo, mehmonxonalar, transport-logistika tuzilmalari, muhandislik-kommunikatsiya obekt­lari bunyod etiladi. Bu jarayonda yangi obektlarning xalqaro andozalar, turistlar talab va ehtiyojlariga to‘liq ­javob berishi inobatga olinadi.

2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari” deb nomlangan uchinchi yo‘nalishida turizm industriyasini jadal ravnaq toptirish bo‘yicha dasturiy vazifalar belgilab berilgan.

Soha istiqboliga qaratilayotgan ana shunday jiddiy e'tibor tufayli yangi-yangi turizm markazlari vujudga kelayapti. Toshkent viloyatini, hech ikkilanmasdan, ana shular safiga kiritish mumkin.

Gap shundaki, hudud tabiiy imkoniyatlari hamda xorij tajribasi o‘rganilgan holda, viloyatning turistik salohiyatini oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Masalan, 700 dan ziyod madaniy meros obektlari mavjudligi sayyohlikning ziyorat yo‘nalishini rivojlantirishda qo‘l kelayotgan bo‘lsa, noyob tabiat obidalari, fusunkor o‘rmon va landshaftlar ekologik, purviqor tog‘lar esa ekstremal sayyohlik istiqboliga keng yo‘l ochib berayapti. Bundan tashqari, etnoturizm ham izchil rivojlanayotir. Shu bois 2017 — 2021 yillar davomida mazkur sohada 200 dan ziyod loyihalar amalga oshiriladi. Ular doirasida yangi infratuzilma obektlari, xususan, 40 ta mehmonxona qurilishi ko‘zda tutilgan. Yangi mehmonxonalar sayyohlar oqimi nisbatan ko‘p bo‘lgan Parkent, Bo‘stonliq va Zangiota tumanlari, Angren hamda Chirchiq shaharlarida bunyod qilinishi belgilangani e'tiborga molikdir.

2017 yilning o‘zida birgina Parkent tumanida 80 o‘rinli mo‘'jaz mehmonxona, oilaviy dam olish majmuasini foydalanishga topshirish bo‘yicha ishlar ­jadal davom ettirilayapti. Umuman olganda, besh yil mobaynida shu kabi maqsadlar ro‘yobi uchun 400 milliard so‘mdan ortiq investitsiyalar jalb qilinib, qariyb 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Pirovardida viloyatda turizm xizmatlari ko‘rsatish hajmi 2,5 barobar oshadi.

Harakatlar strategiyasi va ­boshqa tegishli hujjatlarning izchil ijrosi O‘zbekistonni tez orada yirik hamda jozibador sayyohlik markazlaridan biriga, turizmni esa iqtisodiyotimizning yetakchi sohasiga aylantirishga mustahkam zamin yaratishi muqarrar.

Obid HAMIDOV,
iqtisod fanlari nomzodi, dotsent.

 

Mavzuga oid