00:17 / 22.04.2017
11383

Aka-uka Azimovga Rossiya fuqaroligi berish haqidagi qaror bekor qilindi

Foto:RIA

Rossiya ichki ishlar vaziri Sankt-Peterburg metrosidagi terakt tashkilotchilaridan biri bo‘lgani taxmin qilinayotgan Abror Azimovga Rossiya fuqaroligini berish haqidagi qarorni bekor qildi. Bu haqda ichki ishlar vazirligining rasmiy vakili Irina Volk ma'lum qildi. 

Xuddi shunday qaror Abrorning ukasi Akromga nisbatan ham qabul qilingan. Tergovning taxminicha, Akrom teraktni tayyorlashda ishlatilgan pullarni jo‘natish hamda xalqaro terrorchilar bilan aloqani tashkillashtirishda yordam bergan. 

Fuqarolik bermaslik haqidagi qarorga Perm shahridagi Sverdlovsk tumani sudining Azimovlar otasi fuqarolik berish iltimosida yolg‘on ma'lumotlarni berganini aniqlagani asos bo‘lgan.  

3 aprelda Sankt-Peterburg metrosi poyezdida portlash sodir etilgan. Terakt oqibatida 16 kishi, jumladan teraktni ijro etgan terrorchi-xudkush Akbarjon Jalilov halok bo‘lgan.

Ushbu hujumni sodir etishda gumon qilinib bir necha kishi, jumladan uning tashkilotchisi, qirg‘izistonlik Abror Azimov va uning ukasi Akrom Azimov hibsga olingan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov maxsus xizmatlar terakt buyurtmachisi shaxsini o‘rnatishganini aytgan, biroq hozircha uning nomi ma'lum qilinmayapti.

Mavzuga oid
Top