Tahririyatga Marg‘ilon shahridan maktub kelib tushdi. Ma'lum bo‘lishicha, shaharning Al Farg‘oniy ko‘chasidagi devor uzoq yillardan beri aholiga to‘sqinlik qilgan va shu devor tufayli boshqa mahalla orqali keyingi ko‘chaga o‘tish mumkin.
“Mahallamizda 1995 yillardan boshlab aholi istiqomat qilishni boshlagan. Gap shundaki, mahallamizning boshi o‘sha yillardan buyon noqonuniy tarzda o‘zboshimchalik bilan to‘sib olingan. Qo‘shni mahalla ko‘chasidan aylanib o‘tamiz va bunga ko‘nikib qolganmiz. Ammo, yomg‘irli paytlarda mahallamizga “bomba” tushgandek bo‘ladi. Onaxon-u otaxonlarimiz, yosh opa-singillarimiz bu “loyli” yo‘llardan ne-ne xatar bilan yurishganini ko‘rib devorni boshim bilan “yorgim” keladi”, deyiladi jumladan maktubda.
Qayd etilishicha, shu devorni buzish uchun mahalla aholisining yozmagan joylari va kirmagan idoralari qolmagan.

Maktubda aytilishicha, “oxirgi umidlar ila “Toshkanga” murojaat qilishganda, Marg‘ilon shahrining avvalgi hokimlardan biri kelib: “Ha albatta buzamiz, axir bu devor qizil liniyaga tushgan-ku!” degan javobni berganu, mahalladoshlarimiz “Xalqparvar” hokimni qaytib ko‘rishmagan. Mahalladoshlarimning aytishicha, ko‘chamizni to‘sib olgan qo‘shnimizning “tanka”si kuchli emish! Tobora bu gaplarda jon bor shekilli deb o‘ylay boshladim. Nimaga deysizmi? 2016 yil oktabr oylari. Prezident virtual qabulxonasidagi muammolarni tez va ijobiy xal bo‘layotganin ko‘rgan zahotim virtual qabulxonaga ko‘chamizni to‘sib olinganligi xaqida murojaat qildim. Murojaatdan so‘ng, tuman arxitektori menga ko‘ng‘iroq qilib devor masalasi bo‘yicha gaplashib olishimiz kerakligini aytdi. Ertasi kuni arxitektor maxallamizga kelib noqonuniy devorni ko‘rdi va u: “Devor ariqning u yog‘ida joylashgan ekan, ariqning u yog‘i shahar hududiga kirgani uchun biz aralasha olmaymiz lekin shahar hokimligiga xat bilan chiqamiz albatta buzvorishadi ukam” dedi. Kutdik vanihoyat 2016 yil 21 dekabrda Marg‘ilon shahar hokimligidan xat keldi. Unda:
“2016 yil 23 dekabr kuni mahalla fuqarolariga omborxona va devorni buzib olish haqida rasmiy ogohlantirish xati berildi. Shuningdek, fuqarolarga amaldagi tartibga muvofiq belgilangan muddat ichida o‘z hisoblaridan buzib, yer maydonini asl holatiga keltirib qo‘yilmagan holatda fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritilishi haqida tushuntirish berildi” deyilgan. 2 xafta oldin “Xalq qabulxonasi”ga xam tashrif buyurib, buyruqni kerakli xodimga ko‘rsatganimda: “Albatta buni sudga topshirib, ijobiy xal qilamiz xotirjam bo‘ling” degandi. Mana u xodim ham “g‘oyib” bo‘ldi. Mahallamizdagilarni bir nechta savollar qiynamoqda “Nahotki?”, “Hal qilishmadimi?”, “Eski xammom eski tosmi?”, “Rostdanam qo‘shnimizning “tanka”si kuchlimi?”, “O‘zi portalga yozganmiding bolam?”. Xullas men ham yuguraverib charchadim”.











