O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi negizida yangi tashkilot — Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashkil etiladi. Bu haqdagi farmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonda belgilab qo‘yilgan.

Qo‘mita respublikada ekologik xavfsizlikni ta'minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog‘ligiga zararli ta'sirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan.

Davlat qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.

Qo‘mita faoliyatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan: 

ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvi; 

atrof-muhitning qulay ekologik holatini, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslar va alohida obektlar muhofaza qilinishini, ekologik sharoitning sog‘lomlashtirilishini ta'minlash; 

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan mustahkam hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida ta'sirchan tizimni tashkil etish; 

yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratni o‘rnatish; 

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish, tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash borasida yagona siyosatni amalga oshirishga oid amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta'minlash;