O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Qonunchilikdagi o‘zgarishlar, soliq sohasidagi imtiyozlar bu sohada faoliyat yuritish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Mamlakat yalpi milliy mahsuloti tarkibida kichik va o‘rta biznes sub'yektlari hamda xususiy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlar ulushi ortib bormoqda.
Shunga qaramay, ushbu sohada salbiy holatlar ham uchrab turibdi. Ya'ni, masalan, xukumatning tadbirkorlar uchun borgan sari qulay sharoit va imtiyozlar yaratib berishiga qaramasdan, ayrim joylarda tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyat yuritishiga bevosita to‘sqinlik qilish holatlari uchrab turibdi. Achinarlisi, bunday vaziyatlar mahalliy mutasaddi organlar tomonidan amalga oshirilayotgani, tadbirkorlik sub'yektlarining murojaatalari esa e'tiborsiz qoldirayotganligi kishi ko‘nglini g‘ash qiladi.

Kun.uz tahiriyatiga yo‘llangan murojaatlarning birida quyidagi masala ko‘tarilgan. Toshkent shahrida joylashgan “Farhod dehqon bozori” yonidagi “Farhod yarmarkasi” do‘konlarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar duch kelayotgan qiyinchiliklar-u, sarson-sargardonliklarni keltirish mumkin.
Bu yerda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan bog‘liq muammo 2011 yilda Uchtepa tuman hokimining 21.06.2011 yildagi 283-sonli qarori chiqishi bilan boshlandi. Bu qaror esa, o‘z navbatida, Toshkent shahar hokiming 11.04.2011 yildagi 202-sonli qarori asosida chiqarilgan bo‘lib, unda shu hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar – do‘konlarni buzish hisobiga yangi zamonaviy binolar qurishga ruxsat etilgan. Amalda esa, buzib, yangi binolar qurish to‘liq shu tadbirkorlarning zimmasiga yuklatilgan.

Bundan tashqari, yangi quriladigan binolar maydoni bir yarim baravar qisqartirilib, bo‘shagan maydon avtoulovlar to‘xtash joyiga berilgan. Sababi, yangi quriladigan binolar ikki qavatli bo‘lishi aytilgan.
Buzish-qurilish ishlari qisqa muddatlar ichida bajarilishi kerakligi talabi qo‘yilgan, natijada loyiha zaruriy puxtalik bilan tuzilmagan. Bundan tashqari, tuman hokimiyati tomonidan tavsiya qilingan pudratchi tashkilot rahbariyati ishlarni poydevor quyishdan u yog‘iga o‘tmagan. Natijada o‘zlashtirib yuborilgan mablag‘lar bo‘yicha pudratchi tashkilot rahbariyatiga jinoiy ish qo‘zg‘atilib, javobgarlikka tortilgan.


















