09:36 / 26.04.2017
7221

Turkiya kurdlarga zarba berish oldidan Rossiya va AQShni ogohlantirgan

Foto:RIA

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Reuters axborot agentligiga bergan intervyusida Turkiya Iroqda kurd jangarilariga qarshi operatsiya boshlash oldidan hamkorlarini, jumladan, Rossiya, AQSh va Iroq Kurdistonini bundan ogohlantirganini aytdi.    

Erdo‘g‘anning aytishicha, Iroq shimolidagi Sinjar shahrida va Suriya shimolida operatsiyalar terrorchilar yo‘q qilinmaguncha davom etadi. Uning ta'kidlashicha, Sinjar Kurdiston ishchi partiyasi jangarilari uchun bazaga aylangan.

"Biz choralar ko‘rishga majburmiz. Biz qadamlar qabul qilishimiz kerak. Bu haqda AQSh va Rossiya bilan axborot bo‘lishdik va Iroq bilan ham bo‘lishmoqdamiz. Bu Borzoniy (Iroqdagi kurd muxtoriyati rahbari Mas'ud Borzoniy) ogohlantirilgan operatsiyadir", deb ta'kidlab o‘tdi Erdo‘g‘an.  

U operatsiya davomida peshmerga kurd otryadlarining bir necha a'zosi halok bo‘lganidan afsus bildirdi. Erdo‘g‘anning aytishicha, Anqara bu otryadlarga qarshi operatsiya o‘tkazmaydi. 

25 aprelda Turkiya Suriya shimoli-sharqidagi kurdlar va Iroq sharqidagi Kurdiston ishchi partiyasi pozitsiyalariga zarbalar berdi. Bu zarbalar oqibatida 70 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Anqara avvalroq Vashingtonni suriyalik kurdlarga qurol-aslaha yetkazib bergani uchun bir necha marotaba tanqid qilgandi. AQSh kurdlarni IShIDga qarshi kurashdagi ittifoqdoshi deb hisoblaydi.

AQSh davlat departamenti Turkiyaning bu zarbalarini tanqid qildi va Anqara "terrorchilarga qarshi umumiy kurash ostida" Kurdiston ishchi partiyasi bilan kurashmasligi kerakligini aytdi.

Top