Bugun Qozog‘istonda milliy futbol kuni keng nishonlanmoqda. 2002 yilning aynan 25 aprelida Stokholm (Shvetsiya)da qo‘shni davlat Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA)ga rasman qabul qilingan edi.
Qozog‘iston futbolini ayovsiz tanqid qilishlariga qaramasdan, o‘z o‘rnida ijobiy vaziyatlarni yodga olish, ushbu sport turiga daxldor barchani kichik yubileycha bilan tabriklash ham mumkin.
UYeFAga o‘tilganidan so‘ng darhol ravshanlashdiki, qozoq futbolida qilinadigan ishlarning adog‘i ko‘rinmas edi. Mamlakatdagi infratuzilma Yevropaning aksariyat davlatlaridan juda orqada edi.
Ayni paytda davlat infratuzilmani rivojlantirish uchun mablag‘larni faol sarflamoqda. Mamlakatdagi stadionlar yangilangan, zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi, respublikaning bosh arenasi — «Astana Arena» esa yaqin yillarda Yevropa Superkubogini qabul qilishga nomzod sanaladi.

Butun mamlakat bo‘ylab ommaviy hamda bolalar va o‘smirlar futboli rivojlanmoqda, turli musobaqalar tashkillashtirilmoqda. Butun mamlakatdagi bolakaylar o‘zlari kelajakda Smakov, Jumaskaliyev, Nuserbayev, Islomxonov kabi futbolchilar bo‘lishiga ishonishadi. O‘smirlar va yoshlar terma jamoalari yirik xalqaro musobaqalarda ishtirok etmoqda va muvaffaqiyat qozonmoqda. Shu yilning yanvarida 18 yoshgacha bo‘lgan Qozog‘iston o‘smirlar terma jamoasi Sankt-Peterburgda o‘tgan va 16 terma jamoa ishtirok etgan Valentin Granatkin xotira turnirida kumush medallarga sazovor bo‘lishdi.
Qozog‘iston milliy terma jamoasi xalqaro maydonlarda vatan sha'nini munosib himoya qilmoqda. Terma jamoaning Serbiya, Niderlandiya, Turkiya, Chexiya, Xorvatiya, Ukraina, Polsha, Ruminiya va boshqa kuchli terma jamoalarga qarshi o‘yinlarini eslashning o‘zi kifoya. Yevropa terma jamoalaridan hozir hech kim Qozog‘istonga safarni navbatdagi uch ochkoni qo‘lga kiritish sifatida qabul qilmayapti.

So‘nggi yillarda Qozog‘istonda klub futboli Yevropa kubok turnirlarida yuqori natijalar namoyish etib kelmoqda. 2007 yilda Qo‘stanayning «Tobol» klubi Intertoto kubogini yutib, ilk qaldirg‘och bo‘lgan edi. Undan so‘ng Qarag‘andaning «Shaxtyor»i 2013 yilda Yevropa ligasining guruh bosqichiga yo‘l oldi. Mamlakat futboli tarixida eng katta natijaga poytaxtning «Astana» klubi erishdi, ular qit'aning eng yirik futbol turniri — UYeFA chempionlar ligasi guruh bosqichiga yo‘l olishdi.

















