22:07 / 28.04.2017
35048

Afg‘on o‘yini: terrorchilarga aslida kim ko‘mak bermoqda?

© Flickr / The U.S. Army

Amerika Qo‘shma Shtatlari norasmiy «Butunamerika diviziyasi» yoki «Shalvar kiygan iblislar» deb nomlanuvchi 82-havo desant diviziya tarkibidan bir yarim ming harbiyni Afg‘onistonga jo‘natadi. Bu haqda Amerikaning Daily Beast internet-nashri xabar bergan. Biroq, Pentagondagilar «RIA Novosti»ga gap rejali rotatsiya haqida ketayotgani, harbiylar soni oshirilmasligini ta'kidlashgan.

«Bu rejalashtirilgan operatsiya va u jangarilarning hech qanday hujumi bilan bog‘liq emas», — demoqda 82-diviziya matbuot xizmati.

«Tolibon»ga qurol qayoqdan kelgan?

Ehtimol, bu rostdan ham rejali rotatsiya bo‘lishi ham mumkin, biroq u bir tomondan, Afg‘onistonga amerikalik yuqori martabali amaldorlar va diplomatlarning tez-tez tashrif oshirayotgan vaqtiga to‘g‘ri kelmoqda. So‘nggi vaqtlar ichida Kobulga AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Herbert Makmaster va AQSh mudofaa vaziri Jyeyms Mettis tashrif buyurishgan. Ularning har ikkisini ko‘plab vakillardan iborat delegatsiya kuzatib borgan.

Boshqa tarafdan, Afg‘oniston hukumati mamlakatdagi vaziyatni tobora yomonroq nazorat qilmoqda. Nazorat yo‘qolganiga yaqqol misol — «Tolibon» jangarilari tomonidan Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi Mozori Sharif shahrida harbiy xizmatchilarning ommaviy qatl qilinishidir. Jangarilarning hujumi natijasida 200ga yaqin harbiy o‘ldirilgan. Ikki islomiy jangari shahidlar belbog‘ini harakatga keltirgan, yana bir nechtasi kazarmada o‘tirgan qurolsiz askarlarga qarata o‘q uzishgan. Jangarilar harbiy baza hududiga kirish uchun qiyinchiliksiz yettita nazorat o‘tkazish punktini bosib o‘tishgan.

Boshqaruvdagi boshboshdoqlikning yana bir dalili — 209-armiya korpusida Afg‘oniston mudofaa vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv bo‘ldi: aniqlanishicha, qurol-yarog‘larning yarmisi yo‘qolib qolgan. Aftidan, qurollar yo islomiy jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan, yo afg‘on zobitlari tomonidan ularga pullangan.

Ushbular fonida Vashington Rossiyani «Tolibon» harakatini qo‘llab-quvvatlashda ayblamoqda. Ilgari bunday ayblovlar bilan respublikachi-senator Jon Makkeyn chiqish qilib turardi: «Rossiya ayni paytda Afg‘onistondagi vaziyatga aralashib, «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilib, AQShning sa'y-harakatlarini yo‘qqa chiqarishni maqsad qilgan», —deya. Buni har narsada Moskvani ayblashga ko‘nikib qolgan Makkeynning imijiga xos ritorika, deyish ham mumkin. Biroq, shu kunlarda Afg‘onistonning Kunduz va Hirot shaharlarida bo‘lib o‘tgan toliblarning bir necha aksilamerika aksiyalarida Moskvaning qo‘li borligi haqida AQSh va NATO kuchlarining Yevropadagi qo‘mondoni, general Kyortis Skaparotti ham aytib o‘tgan. «So‘nggi vaqtlarda Rossiyaning «Tolibon» bilan hamjihatligini kuzatmoqdaman, ehtimol, guruh ruslar tomonidan qo‘llanilayotgan hamdir», — degan Skaparotti.

Bir vaqtning o‘zida The Washington Post gazetasi AQSh mudofaa vazirligidagi manbasiga tayangan holda, go‘yoki Rossiya so‘nggi 18 oy ichida «afg‘on tolibonchilariga qurol-yarog‘ yetkazish hajmini oshirgan»ligini ta'kidlab o‘tgan. «Bular hech bir dalil bilan asoslanmagan noprofessional bayonotlardir. Rossiya haqida hozir har kim nimalardir deyishi mumkin, lekin bunday salbiy bayonotlarni qo‘llovchi birorta fakt keltira olishmaydi», — degan bunga javoban Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov. Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay ham Rossiya «Tolibon»ga qurol-yarog‘ yetkazayotgani haqidagi iddaolarni rad etdi: «Yo‘q, yo‘q, bu aniq bunday emas», deya.

Bundan tashqari, Amerika OAVlariga bergan intervyusi mobaynida Hamid Karzay «IShID terrorchilik guruhi AQShning mintaqadagi agenti hisoblanishi»ni ta'kidlab o‘tgan. «IShID va AQSh o‘rtasida hech qanday farq yo‘q», — degan u. «AQSh Afg‘onistonga terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash uchun kirib kelgan. O‘tgan 15 yil ichida bizda terrorizm va ekstremizm ko‘paydi yoki kamaydi? Bir necha barobar ko‘paydi! Ayniqsa, tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlar inobatga olinadigan bo‘lsa, bu mag‘lubiyatdan boshqa narsa emas», — degan Karzay RT muxbiri bilan suhbatda.

Shu hafta Moskvada tashkillashtirilgan xalqaro xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada  Hamid Karzay Afg‘onistondagi mojaroni Rossiya, AQSh va Xitoyning sa'y-harakatlarini birlashtiribgina tartibga solish mumkinligini, mamlakatga qo‘shimcha harbiylar olib kirilishi esa har ikki tomondan yangidan-yangi qurbonlarga sabab bo‘lishini ta'kidlagan. 

Moskvada 14 aprel kuni Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha Afg‘oniston, Eron, Xitoy, Hindiston va yana bir qator davlatlar ishtirok etgan ko‘ptomonlama muzokaralarda AQSh namoyishkorona ishtirok etmadi. Moskva muzokaralariga amerikaliklardan tashqari birgina «Tolibon» harakati vakillari qarshi chiqqan.

Top