07:52 / 28.04.2017
5409

Xitoyda ko‘cha supuruvchilar ishlarining sifati chang miqdori bilan aniqlanmoqda

Foto People's Daily

Xitoyning Sian shahrida fevralda ko‘cha tozaligining yangi standartlari ishlab chiqildi.

Ko‘cha supuruvchilar ishining samaradorligini to‘g‘ri baholash uchun shahar ko‘chalari har biri tegishli standartlarga javob beruvchi uchta toifaga bo‘lindi. 1-toifadagi ko‘chalarda bir kvadrat metr maydonda 5 gramm chang, 2-toifadagilarda 10 gramm va 3-toifadagilarda 20 gramm chang bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi. 

Yangi qoidalar doirasida ko‘chalarni tekshirish ogohlantirishsiz amalga oshirilmoqda. Tekshiruv vaqtida nazoratchilar kvadrat metr keladigan joyni o‘rab, undan chang yig‘ib, so‘ngra uning og‘irligini o‘lchashgan.

Agar ko‘cha iflos deb topilsa, uni tozalashga javobgar ko‘cha supuruvchi jarima ochkosi oladi. Uchta jarima ochkosi ko‘cha supuruvchining ishdan bo‘shatilishiga va uning rahbariyatining intizomiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.

Foto People's Daily

Ko‘cha supuruvchilarning o‘zlari bu g‘oyadan unchalik xursand emaslar. Van Guanxayning aytishicha, u ko‘chalar ozodalikning standartlariga mos kelishi uchun me'yoridan ortiqcha ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. U 3-toifadagi ko‘chalarni ertalabki soat 4 dan kechki soat 6 gacha supuradi.

Yangi qoidalar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomondan ham tanqidlarga uchradi. Foydalanuvchilardan ko‘pchiligi ko‘cha supuruvchilarga nisbatan adolatsizlik qilingani haqida gapirishgan. Ularning fikricha, atrof-muhitning ifloslanishi muammosi ko‘chalarni tozalash jarayonini mashaqqatli, tinimsiz ishga aylantiradi.

Sianda havo ifloslanishi darajasi o‘rtacha 153 ga teng. Havo sifati indeksiga ko‘ra, 0 dan 50 gacha daraja me'yor hisoblanadi. 

Shandun, Xebey viloyatlari va Chjunvey shahar okrugi ham shunday qoidalarni joriy qilmoqchi.

Top