17:44 / 28.04.2017
17132

Merkel va Erdo‘g‘an Rossiyaga kelmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2 may kuni Sochi shahrida GFR kansleri Angela Merkel bilan muzokaralar o‘tkazadi, deb xabar berdi Kreml matbuot xizmati.

Davlat yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini, jumladan, energetika, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni muhokama qilishadi.

Shuningdek, dolzarb xalqaro muammolar, jumladan, terrorizm bilan kurash, Yaqin Sharqdagi vaziyat, Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha Minsk kelishuvlarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqiladi.

So‘nggi bor Putin va Merkel 2016 yilning 19 oktabr kuni Berlinda “normand to‘rtligi” sammiti doirasida uchrashishgan. Germaniya kansleri Rossiyaga tashrif bilan qariyb ikki yildan beri kelmagandi. 

3 may kuni esa Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an RF prezidentining taklifiga ko‘ra Rossiyaga amaliy tashrif bilan keladi.

Ikki davlat yetakchilari Sochidagi muzokaralar davomida rus-turk munosabatlari bo‘yicha fikr almashadilar.

Bundan tashqari, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, birinchi navbatda, terrorizmga qarshi birgalikdagi kurash va Suriya inqirozini hal qilish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.

Top