22:40 / 28.04.2017
60447

Samarqandda aholini qiynayotgan bir devor voqeasi

Saytimizda 22 aprel kuni «Marg‘ilonda aholini qiynagan bir devor voqeasi» degan sarlavha ostida maqola e'lon qilinib, unda Marg‘ilon shahridagi mahallalardan birida noqonuniy egallangan ko‘cha haqida so‘z borgan edi. Qarangki, tahririyatimizga Samarqand shahridan ham ayni o‘xshash mavzuda murojaat kelib tushdi.

«Assalomu alaykum, Kun.uz tahririyati!

Men Meliboyeva Gavhar, sizlarga o‘zim yashaydigan Samarqand shahar «Do‘stlik» mahallasi, Olmazor ko‘chasida istiqomat qiluvchi 18 ta xo‘jalik a'zosi nomidan murojaat qilmoqdaman.

Bizning ko‘chamiz Samarqand shahri va Past Darg‘om tumani qoq chegarasida joylashgan, shu sababli ko‘chamizda ayrimlar Past Darg‘om tuman «Namozgoh» mahallasiga, ayrimlar Samarqand shahrining «Do‘stlik» mahallasida hisobda turadilar. Aslida, biz yashaydigan joy barcha geodeziya va kadastr xaritalarda Samarqand shahar hududiga tegishli etib ko‘rsatilgan.

Gap shundaki, bizning ko‘chamizning boshini ayni paytda Samarqand shahar Xo‘jasoat qishlog‘ida yashovchi Muhammadali Mustafoqulov to‘sib olib, ko‘chamizni boshi berk ko‘cha (tupik)ga aylantirib, ayni kunlarda imorat qurish bilan shug‘ullanmoqda.

Biz bu borada ancha yillardan buyon mutasaddi idoralarga murojaat qilib kelamiz. Dardimizni Samarqand shahar hokimligi tinglab, 2015 yil avgust oyi oxirlarida da'vogar sifatida fuqarolar ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da'vo arizasi kiritib, ko‘chani to‘sib turuvchi devorlar javobgar M.Mustafoqulov tomonidan buzib tashlanib, ko‘cha aholisiga ochib berilishi haqida FIB Samarqand shahar sudining hal qiluv qarori chiqarilgan  va ijroga berilgan edi.

FIB Samarqand shahar sudining hal qiluv qarori 1,5 yil davomida ijro etilmagan, 2017 yil fevral oyi oxirlarida M.Mustafoqulov Past Darg‘om tumani xalq deputatlari Bolatosh qishloq kengashi nomidan 1986 yilgi qaror, 1991 yilgi chizma xaritasini sudga taqdim etib, ko‘rilgan ishni boshqatgan ko‘rib chiqish haqida ajrim chiqartirib olgan.

Bu borada qo‘shnilar birgalashib, M.Mustafoqulovning hujjatlari soxta ekani haqida Samarqand shahar prokuraturasiga ham murojaat qildik, javob berilmadi.

U o‘sha 2017 yil fevralida olingan ajrimni ro‘kach qilib, «men sizlarni sudda yengdim», deya ayni kunlarda qurilish ishlarini boshlagan.

Ko‘cha berkitiladigan bo‘lsa, ko‘chamizdagi bolalar maktab va bog‘chaga uzoq yo‘llardan aylanib borishadi. Mahalladagi do‘konlarga ham boshqa ko‘chalarni aylanib o‘tamiz. Ko‘chamizga elektr energiyasi liniyasi tortish yo‘li ham berkitiladi. Eng asosiysi, hammaning xo‘jaligida tomorqasi bor. Ularni sug‘orish uchun ko‘chaning ikki tomonidagi ariqlar berkitilib qo‘yiladi.

Bu haqda portalga ham, viloyat xalq qabulxonasiga ham murojaat qildik. Samarqand shahar hokimligi yuristiga ham uchrashdik. Yurist «Sizlardan boshqa tashvishim yo‘qmi, mingta ishim bor, 2–3 oyda sudda ko‘rib chiqamiz ishlaringni», deb qo‘l siltayapti.

Axir yer Samarqand shahar hududiga tegishli, shahar hokimiyati sudda bir marta yenggan, yerni egallab olgan kimsaning ukasi Mirzo Mustafoqulov «Hujjat qildirib olishim uchun 3 ming dollar pulim ketdi, xohlagan narsamni quraveraman, qo‘llaringdan hech narsa kelmaydi», demoqda.

M.Mustafoqulov qo‘lidagi hujjatlar sobiq ittifoq vaqtidagi sanalar bilan, Past Darg‘om tumani nomidan tayyorlangan. Bilmadik, u nimalarga sha'ma qilmoqda? Nahotki, A.S.Shukurov shahar hokimligida bir marta sudda osongina yutgan shahar hokimiyati ikkinchi marta ishni bu qadar paysalga solmoqda?

Biz boradigan eshiklarga bosh urib borib bo‘ldik. Bundan ortig‘iga qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Endi hamma gap mutasaddilarda. Sizlardan iltimos, bizni qiynayotgan muammoni kelib o‘rgansalaringiz va yoritsalaringiz».

* * *

Voqea joyiga chiqib, vaziyatni o‘rgandik. Haqiqatan ham, 19X40 m o‘lchamdagi ko‘chaning oxirgi qismi loy g‘ishtlar bilan to‘sib olingan va T-simon chorraha qismida qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Haqiqatdan ham, ko‘chaning ikki tarafida 9 tadan xonadon istiqomat qiluvchi ko‘chaning boshi berkitilgudek bo‘lsa, ko‘chani to‘laqonli va xavfsizlik texnikasiga asoslangan holda elektr ta'minoti bilan ta'minlash, ariqlarga suv keltirish, «tez yordam», o‘t o‘chirish mashinalarining ko‘chaga osongina kirib chiqib ketishlarining yo‘li yopiladi.

Vaziyat bo‘yicha xalq qabulxonasiga yozilgan murojaat bo‘yicha kelgan Samarqand shahar qurilish boshqarmasi xodimlari, «Namozgoh» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va norozi qo‘shnilar to‘planib turishgan ekan. Murojaat bo‘yicha kelgan yosh xodimlar «bu ish faqat sud orqali hal qilinadi, bu hujjatlar qalbaki ekanini biz tekshirib ko‘ra olmaymiz», deb voqea joyida dalolotnoma yozib ketishdi. M.Mustafoqulov esa ustalariga «ishni davom ettiraveringlar», deya buyurdi. «Menga farqi yo‘q, tomorqamning to‘ri — ko‘cha, ikki yon qo‘shnimni amallab ko‘ndirib, qurgan uyimni kadastr qilib olaveraman, qo‘llaringdan hech narsa kelmaydi», — deya hammaning oldida yana bir karra takrorladi M.Mustafoqulov.

«Namozgoh» mahallasi raisi ham «bu odamning qo‘lida hech bir hujjat yo‘q edi, bir yilcha muqaddam hujjat qilib bering yerga, deb huzurimga kelgan edi. Men hujjat qilib bermagandim. Bunga vakolatim yo‘q chunki. Biz mahalla ahli aholini murosaga keltirish maqsadida, «hech bo‘lmasa, aholi o‘tib qaytishi uchun 7 metr kenglikda joy tashlagin, buyog‘ini olsang ham», — deganimizda u 3 metr kenglikda ariq va simyog‘ochlar o‘rnatish uchun joy tashlashga ko‘ngan edi, endi qayerdandir hujjat qilib olib, hech kimni mensimay, qurilish qilmoqda», deb javob berdi.

M.Mustafoqulov qo‘lida 1986 yilda chiqarilgan, yozuv mashinkasida pechatlangan «Past Darg‘om rayon Xalq deputatlari Bolatosh qishloq kengashi» (hech qachon bunday vakolatli tashkilot bo‘lmagan) tomonidan M.Mustafoqulovga 0,08 ga yer maydoni ajratib berish haqida qaror kserokslangan nusxasi, O‘sha hududning topografik xaritasi (unga o‘zi qurayotgan joyni qalamda belgilab olgan), 20X40 metr maydon o‘lchab berilgani haqida 1991 yili imzolangan chizma nusxasi turibdi.

Haqiqatdan ham, nizoli joy Samarqand shahar ixtiyoriga 1989 yili Pastdarg‘om tumanidan olib berilgan. Barcha xaritalarda yer Samarqand shahar ixtiyorida ekanligi tasvirlangan. Bu hududda yashayotgan aksariyat aholiga yer maydonlari o‘sha paytdagi Samarqand shahrining Siyob, Temiryo‘l va Bog‘ishamol tuman ijroiya qo‘mitalari tomonidan berilgan.

Egallab olingan hudud ko‘chaning davomi bo‘lishi kerakligi kundek ravshan. Chunki aholi shu paytgacha tomorqalarini sug‘orish uchun shu uchastka orqali o‘tuvchi ariqdan foydalanib kelgan, ko‘chaning boshi berkitilgunga qadar aholi ko‘chadan ham foydalangan.

Nima deyish mumkin?

Ko‘chaning egasi — Samarqand shahar hokimligi hisoblanadi. Samarqand shahar hokimligi 2015 yilda bir marta bu borada da'vogar sifatida sudga ariza kiritgan va yengib chiqqan. Faqatgina Samarqand shahar sudlar departamenti sud ijrochilarining xizmat vazifasiga panja orasidan qarashi tufayligina hal qiluv qarori 1,5 yil mobaynida sud qarori ijro etilmay, ko‘cha ochilmay qolingan.

1972 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahrida yashagan fuqaro (M.Mustafoqulovga) ga 1986 yilda — 14 yoshligida uy-joy qurish uchun Past Darg‘om tumanidan uchastka taqdim etilishi mumkin emas. Bu hech ham sog‘lom mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Demak, soxta hujjat bilan Samarqand shahar hokimligini sudda yengib bo‘lmasligi ham kundek ravshan. Bu vaziyatda Samarqand shahar hokimligini vaziyatni tezda nazoratga olib, fuqarolarning muammosini imkon qadar tezroq hal qilib berishga undashdan o‘zga choramiz yo‘q.

Marg‘ilonda sodir bo‘lgan voqea yuzasidan yozilgan maqolada shunday satrlar bor. Ularni yana bir karra eslamasdan ilojimi yo‘q:

«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari tushunchasini bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu esa yurt taraqqiyotiga, xalq farovonligi yuksalishiga olib keladi. Ya'ni, muloqot va manfaat tushunchasi xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyilga asoslanadi.

«2017 yil — Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»dagi asosiy vazifalar davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari tubdan takomillashishiga zamin bo‘lib, aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini topish uchun imkoniyat yaratadi. Bu esa, xalqning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Marg‘ilondagi voqeadan so‘ng muammolar yuzasidan shahar prokurori, Marg‘ilon shahar tumanlararo sudining sudyasi hamda shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Rahimov fuqarolarning muammolarini tinglab, shu joyning o‘zida muammoga yechim izladi. Shahar prokurori topshirig‘iga ko‘ra, 3 kun muddat ichida shahar hokimligiga taqdimnoma taqdim etilgan. Shahar hokimligi esa Marg‘ilon shahar tumanlararo sudiga da'vo ariza kiritishi va sud tomonidan hal qiluv qarori chiqishi, uzog‘i bilan 15 kun muddat ichida bu o‘zboshimchalik bilan qurib olingan devor buzilishi kerak».

Marg‘ilonda egallangan ko‘chadan-ku, kimdir yillar davomida noqonuniy foydalanib kelayotgan ekan. Samarqanddagisi esa endi egallanayapti, uyning poydevori qurilmoqda. Hali g‘isht qolipdan ko‘chgani yo‘q. Marg‘ilondagidek jonbozlikni Samarqand shahar hokimligi ham ko‘rsata oladimi? Biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Sh.Shokirjonov

Top