18:23 / 29.04.2017
13499

Kataloniya, Rim, London. Derbilar va uik-endning o‘tkazib yuborib bo‘lmaydigan boshqa super to‘qnashuvlari

Aprel oyining so‘nggi uik-endi derbilarga boyligi bilan yodda qoladigan bo‘lib turibdi. Derbilardagi natijalarning muhimligi esa ularga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi. Biroq super to‘qnashuvlar faqat derbilarda kuzatilmaydi. Tribuna.Uz oyning so‘nggi haftasidagi eng ajoyib uchrashuvlarga batafsil to‘xtalib o‘tadi.

«Espanol» – «Barselona» (29 aprel, 23:45, UzReport)

 

Chempionlik uchun kurashayotgan «Barselona»ga Kataloniyadagi azaliy raqib doimiy ravishda qarshilik ko‘rsatishga urinib kelgan. Agar o‘zi mag‘lub eta olmasa ham, «Real»ga yutqazib berishda (muxlislar tomonidan) ayblanadigan jamoani hazil tariqasida Madrid farm-klubi (xuddi «Atletiko»ni «Barselona farm-klubi deb atashgani kabi) ham deyishadi. Hozir ayni kurash eng qizigan pallada «Espanol» o‘z hamshaharlarini to‘xtatib qolishga urinib ko‘rishi talab etiladi.

«Espanol» uyida kechgan so‘nggi 9 uchrashuvdan (4D, 5M) buyon «Barselona»ni mag‘lub eta olmayapti. So‘nggi marta «Espanol» o‘z uyida 10 yil muqaddam «Barselona»ni mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqqan. Qaytanga jamoa «Barselona» mezbonligidagi uchrashuvda 8 yil oldin g‘alaba qozonishni uddalay olgani tahsinga sazovor. O‘shanda jamoani hozirgi «Tottenhem» ustozi Maurisio Pochettino boshqarardi.

«Roma» – «Latsio» (30 aprel, 15:30, Match! Futbol 2)

So‘nggi bir necha yilda Rim derbisi Italiya A seriyasida u qadar katta afishalar bilan kutib olinmaydigan bo‘lib qoldi. Jamoa futbolchilarining bir-biriga munosabatlari, o‘yin vaqtidagi qo‘polliklar, mojaroli vaziyatlar hamon uchrab turibdi. Biroq o‘yin darajasi bo‘yicha bu narsa o‘zini oqlamayotgandi. Nihoyat martda bo‘lib o‘tgan Italiya kubogining yarim final uchrashuvlari muxlislarga haqiqiy Rim derbisi havosini taqdim eta oldi. Shu nuqtai-nazardan bu safargi chempionat uchrashuvi ham katta qiziqish bilan kutilmoqda.

«Yuventus»ning ochko yo‘qotishidan so‘ng «Roma» chempionlik uchun so‘nggi umidlarini saqlab qolish maqsadida bu urashuvni o‘z foydasiga hal qilishi kerak bo‘ladi. Italiya kubogi yarim finalida uchralgan mag‘lubiyat ham Spalletti shogirdlarining g‘azabini qo‘zg‘agan bo‘lishi lozim. Bu esa uchrashuv natijasining ikki hissa muhimligini va o‘yin darajasi ham shunga mos bo‘lishini ko‘rsatib turibdi.

Ikki jamoaning uy uchrashuvlari bitta stadionda kechishini hisobga olsakda, «Latsio» nominal mezbon sifatida qaraladi. Shu ma'noda «Latsio» nominal mezbon sifatida o‘tgan so‘nggi uchta A seriya uchrashuvida «Latsio» birorta ham g‘alabani qo‘lga kirita olmagan. Umuman «Latsio» mezbonligidagi so‘nggi 7ta Rim derbisining 4tasida «Roma»ning qo‘li baland kelgan. 

 «Everton» – «Chelsi» (30 aprel, 18:05, Match! Futbol 1)

«Everton» tarkibdagi bir qator yo‘qotishlarga qaramasdan APLda barqaror ochko ishlashda davom etmoqda. Kuman shogirdlari ketma-ket 4 uchrashuvdan buyon APLda mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettirmoqda. 58 ochko to‘plagan liverpulliklar 7-o‘rinda bormoqda. Jamoada YeChL yo‘llanmasi uchun ham nazariy bo‘lsada imkoniyat saqlanib qolgan. Albatta bu vazifani uddalash deyarli imkonsiz bo‘lsada, Yevropa ligasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashish imkoniyatini taqdim etadigan 5-6 o‘rinlar ham «Everton» uchun juda yaxshi natija bo‘lishi shubhasiz. Bu yo‘lda jamoa chempionlik uchun kurash olib borayotgan «Chelsi»ni to‘xtatib qolishi kerak bo‘ladi.

«Everton» joriy mavsumda o‘z uyida 17  uchrashuvda 40 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Faqatgina «Liverpul»ga qarshi uchrashuvda so‘nggi soniyalarda o‘tkazib yuborilgan gol evaziga jamoa mag‘lubiyatga uchradi. Hozirda jamoaning uy uchrashuvlaridagi g‘alabali seriyasi 7 uchrashuvga yetgan. O‘z navbatida «Chelsi» mehmonda o‘tkazgan 17 uchrashuvda 36 ochko to‘plagan va bu borada ham APL yetakchisi bo‘lib turibdi.

Jamoalarning Liverpuldagi so‘nggi 9 uchrashuvida «Chelsi» faqatgina ikki marta g‘alaba qozona olgan. «Everton olti marta g‘alaba qozongan bo‘lsa, bitta uchrashuvda durang qayd etilgan. So‘nggi marta «Chelsi» «Everton» uyida 2014/15 yilgi chempionlik mavsumida 2014 yilning avgustida 6:3 hisobida g‘alaba qozonib qaytgan. So‘nggi ikki uchrashuvda esa Liverpuldan jamoa mag‘lubiyat bilan qaytgan. Birinchi davrada Londonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa «Chelsi» 5:0 hisobida g‘alaba qozongan.

«Tottenhem» – «Arsenal» (30 aprel, 20:30, Match! Futbol 1)

«Tottenhem» o‘tgan haftada Angliya kubogida «Chelsi»ga 2:4 hisobida imkoniyatni boy berib musobaqadan chiqib ketdi. Endi Maurisio Pochettino jamoasida yagona imkoniyat premer-ligada g‘alaba qozonish bo‘lib qolmoqda. «Chelsi» bilan to‘rt ochkolik farqni saqlab turgan «shporlar» «Arsenal»ga qarshi uchrashuvda g‘alaba qozongan taqdirda nafaqat chempionlik uchun kurashni davom ettiradi. Balki uzoq yillik tanaffusdan so‘ng ilk marta o‘zining eng azaliy raqibidan turnir jadvalida yuqorida bo‘lish masalasini muddatidan hal qila oladi. 

Shimoliy London derbisining ahamiyatini mana shundan ham bilib olish mumkin. Hech bo‘lmaganda jamoalar azaliy raqibidan oldinroqda joylashishi kerak. O‘tgan mavsumda Pochettino bu vazifani uddalay olmagandi. Bu safar esa buning uchun yanada yaxshiroq imkoniyat uning shogirdlarida yuzaga kelgan.

Ikki jamoa o‘rtasidagi premer-liganing so‘nggi uch uchrashuvida g‘olib jamoa aniqlanmagan. Uchchala uchrashuvda ham durang qayd etilgan. Umuman olganda «Arsenal» «Tottenhem» ustidan premer-liga doirasida so‘nggi marta 2013/2014 yilgi mavsumda aynan «Tottenhem» uyida g‘alaba qozonishni uddalagandi. uch mavsumdirki, Venger jamoasi bu ishni uddalay olmayapti. Umuman olganda «Arsenal» «Uayt Hart Leyn»da kechgan so‘nggi 10 uchrashuvning faqat ikkitasida g‘alaba qozongan (4D, 4M).

«Inter» – «Napoli» (30 aprel, 23:45, Sport TV, Match! Futbol 2)

Juda qiyin davrlarni boshidan o‘tkazayotgan «Inter» so‘nggi 5 uchrashuvdan buyon g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Bu esa jamoaning yevrokuboklar uchun kurashdagi imkoniyatini kesin pasaytirib yubordi. «Napoli»ga qarshi uchrashuv bu borada Pioli shogirdlari uchun so‘nggi imkoniyat bo‘ladi. Agar milanliklar noxush davrga barham berishni uddalay olishsa, yevrokuboklar uchun kurashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

«Napoli» esa YeChLga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun «Roma» bilan kurashni davom ettirmoqda. Oradagi farqni qisqartirish uchun ham neapolliklar bu uchrashuvda g‘alaba qozonishga urinib ko‘rishadi. 

«Napoli» Milanda 2000 yildan buyon faqat bir martagina g‘alaba qozonishni uddalagan. Ikki jamoaning «Inter» mezbonlik qilgan so‘nggi uch uchrashuvning ikkitasida esa durang qayd etilgan. Umuman olganda so‘nggi 10ta uchrashuvda «Inter» 7 marta g‘alaba qozongan, 2 durang, «Napoli»ning yagona g‘alabasi.

«Nitstsa» – «PSJ» (30 aprel, 23:59, Match! Futbol 1)

«Nitstsa» uchun bu Fransiya chempionligi uchun kurashish uchun so‘nggi imkoniyat bo‘ladi. Agar jamoa g‘alaba qozongan taqdirda, «Lester»ga tenglashtirilayotgan jamoa bu nomni qaysidir ma'noda oqlagan bo‘ladi. Hozirda «PSJ» bilan 6 ochkoni tashkil qilmoqda. G‘alaba ikki yetakchi bilan oradagi farqni 3 ochkogacha qisqarishiga sabab bo‘ladi.

Nitstsada kechgan so‘nggi olti uchrashuvning faqat bittasida «Nitstsa» g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. «PSJ»da to‘rtta g‘alaba. Ungacha esa «Nitstsa» o‘z uyida ketma-ket to‘rtta uchrashuvda g‘alaba qozongandi. Ikki jamoa o‘rtasidagi birinchi davrada Parijda kechgan uchrashuvda g‘olib aniqlanmagan — 2:2. Bu «Nitstsa»ning olti yil davomida ilk marta Parijdan ochko olib qaytishi bo‘lgandi.

Bundan tashqari...

Ispaniya chempionlik kurashini avj olgan davrda «Real» «Valensiya»ga qarshi ( 29 aprel, 19:15) sinovdan o‘tadi. Shanba kungi dasturdan shuningdek «Volfsburg» - «Bavariya» (21:30) o‘rin olgan. Rossiya chempionatining ikki yetakchisi «Spartak» va TsSKA qarama-qarshiligi ham shiddatli kurashlarga boy o‘tishi kutilmoqda.

Top