2017 yil 27 aprel kuni Toshkent shahar faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Toshkent shahar hokimi R.Usmanov olib bordi.
Yig‘ilishda yilning birinchi chorak yakunlari bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 108,9 foizga,sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 111,0 foizga, iste'mol mollari ishlab chiqarish 106,8 foizga, asosiy kapital investitsiyalar 115,6 foizga, pudrat-qurilish ishlari 109,8 foizga, chakana savdo aylanmasi 110,6 foizga, xizmatlar 113,3 foizga o‘sishi ta'minlanganligi ta'kidlandi.
Shuningdek, 2 944 ta yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etilib, ularning soni 49 582 taga yetdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 60,8 foizni, sanoatdagi ulushi 67,4 foizni, xizmatdagi ulushi 61,6 foizni, aholi bandligida gi ulushi 56,1 foizni tashkil etdi.
Bandlik dasturiga asosan joriy yil birinchi choragida
13 297 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, shundan 6 285 tasi kichik biznes sub'yektlarida yaratilgan. Shu bilan bir qatorda, 2017 yil birinchi chorakda asosiy sanoat korxonalarining ishlab chiqarish sur'atlarini oshirishga yo‘naltirilgan choralarga qaramasdan, ishlab chiqarish hajmlarini pasaytirgan korxonalar soni 12 tani tashkil etgan.
Bu o‘rinda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Uzkabel” AJ, “BF Tekstil Prodakshn” MChJ, Mirobod tumanidagi “O‘zelektroapparat-elektroshchit” AJ, “Xuavey tek. Investment Tashkent” MChJ, Olmazor tumanidagi “Oniks” AJ, Uchtepa tumanidagi “Elektroizolit” MChJ, Shayxontohur tumanidagi “O‘zbekiston nashriyot matbaa ijodiy uyi” DUK, Yunusobod tumanidagi “O‘zbekenergota'mir” AJ, “Zenit elektroniks Tashkent radiotexnika zavodi” MChJ, “Raupxon” MChJ, Yashnobod tumanidagi “Uzkarlsberg” MChJ kabi korxonalar qayd etildi.
Mahalliylashtirish dasturiga shaharning 83 ta hududiy korxonasi 190 ta loyiha bilan jalb etilgan. Hisobot davrida hududiy korxonalar tomonidan 221,2 mlrd.so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
“2016-2018 yillarda Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi” doirasida olib borilgan ishlar natijasida 2017 yilda 2088 ta loyiha ishga tushirish belgilangan bo‘lib, 29042 ta ish o‘rni tashkil etish va jami 263,7 mln dollarlik investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu Dastur doirasida birinchi chorakda 377 ta loyihani ishga tushirish belgilanganligi, amalda esa 472 ta loyiha ishga tushirilib, 5436 ta qo‘shimcha ish o‘rini tashkil etilgan.















