11:34 / 29.04.2017
7186

Tramp navbatdagi prezidentlik saylovida demokratlar nomzodi kim bo‘lishini taxmin qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp 2020 yili bo‘lib o‘tajak prezidentlik saylovida Demokratik partiya nomzodi kim bo‘lishi borasida taxminlarini ilgari surdi. Uning fikricha, 2020 yilgi prezidentlik saylovida Massachusets shtati senatori Elizabet Uorren nomzod bo‘lishi mumkin. Amerika yetakchisi Jorjiya shtati Atlanta shahrida bo‘lib o‘tgan Milliy merganlar uyushmasi (MMU) konferensiyasida shunday qarashni bildirgan. 

"Men his qilayapman, kelgusi saylovlarda sizlarni nomzodlar bilan ko‘mib tashlashadi. Sizlarning qarshingizda ko‘plab demokratlar bo‘ladi, - degan Tramp. – Bu  Pokaxontas ham bo‘lishi mumkin. So‘zlarim yodingizda qolsin".

Tramp 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Uorrenni Pokaxontas deb atagan edi. Respublikachining aytishicha, senatorning hindular avlodi ekaniga doir ma'lumotlari uydirmadir. 

Amerika yetakchisining fikriga ko‘ra, uning (Uorren) prezidentligi MMU yaxshilik keltirmaydi. "Men bir narsani aniq ayta olaman, u MMUning tarafdori emas", - deb qayd etgan davlat rahbari. 

Shu bilan birga, Tramp o‘zini MMU do‘sti deb atagan. "Oq uyda sizlarning do‘stingiz va himoyachingiz bor", - deb ta'kidlagan davlat rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma'muriyati Konstitutsiyaga kiritilgan va o‘qotar qurol xarid qilishni va olib yurishni kafolatlovchi ikkinchi tuzatishga rioya etilishi ustida ishlaydi. 

"Sakkiz yildan beri sizlarning ikkinchi tuzatish bilan kafolatlangan erkinliklaringizni cheklashga qaratilgan urinishlar barbod bo‘ldi", - deya uqdirgan Tramp. 

Oq uy rahbarining aytishicha, endilikda hukumat "fuqarolarning qurol olib yurish va saqlash huquqini poymol qilmaydi", balki "buning o‘rniga MMU tomonida ishlaydi".

U, shuningdek, qurol olib yurishni cheklashni ilgari surayotgan demokratlarni tanqid qildi. "Bizning politsiyachilar va sheriflarimiz yaxshi bilishadi, agar qurol olib yurish taqiqlansa, faqat jinoyatchilar qurollanishadi", - degan davlat rahbari.

Ta'kidlanishicha, Tramp 1983 yildan beri ilk marotaba MMU anjumanida qatnashgan va ma'ruza qilgan ilk Amerika prezidenti bo‘ldi. 

Mavzuga oid
Top