14:56 / 30.04.2017
10569

Zidan: «Real» mavsum yakunigacha burun bilan yer qazishiga to‘g‘ri kelishi mumkin

«Real» jamoasi bosh murabbiyi Zaynidin Zidan Ispaniya Primerasining 35-turida «Valensiya»ga qarshi kechgan va 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yindan keyin fikrlarini bildirib o‘tdi.

O‘yin haqida
«Valensiya» o‘z o‘yinini topib olgan, goldan keyin ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi. Biz ikkinchi golni urish uchun qattiq harakat qildik, ammo bu hadeganda ro‘y beravermadi. Menimcha, biz mavsum yakuniga qadar o‘yinlarda burnimiz bilan yer qazishimizga to‘g‘ri keladi. 

Bu o‘yinda imkoniyatlardan foydalana olmaslik muammosi ko‘p ko‘zga tashlandi. Ehtimol, «Real» ko‘p hayajonlangandi, ammo, aytishim kerakki, biz raqibga o‘z rejasi bo‘yicha o‘ynashga qo‘ymadik. 

Agar o‘z imkoniyatlaringdan foydalana olmasang, 3 ochko uchun kurash olib borishingga to‘g‘ri keladi. Biz «Deportivo» bilan o‘yinda ham shunday vaziyatga tushgandik. Ha, «Valensiya» bilan o‘yinda biz intrigani o‘ldirishimiz ham mumkin bo‘lgandi, ammo bu o‘yinning bir jihati, kamchiliklar ustida ishlash kerak bo‘ladi. Qayd etishni istardimki, mehmonlarning golidan keyin biz o‘zimizga ishonchni saqlab qoldik va yakunda «Real» muhim g‘alabaga erishdi», – degan Zidan.

Xamesning o‘yini haqida
«U o‘yinni yomon o‘tkazmadi, u mening topshiriqlarimni bajardi. Uning va «Real»ning barcha futbolchilari o‘yinidan qoniqish hosil qildim. Yana bir bor qaytaraman, agar raqib hisobni tenglashtirsa, senga juda qiyin bo‘lib ketadi, ayniqsa yana gol urish uchun vaqt kam qolgan bo‘lsa. O‘ylaymanki, «Real» muxlislar ko‘magi tufayli ham «Valensiya» darvozasiga ikkinchi golni urdi, ular bizni oldinga chorlab turishdi. Holbuki, raqibning yo‘qotadigan narsasi yo‘q edi. Biz bosim ostida qolgandik», – degan «blankos»ning bosh murabbiyi.

Marselo va Karvaxalning o‘yinlari haqida
«Mening jamoamda dunyoning eng yaxshi himoyachilari to‘p surishadi. «Valensiya»ga qarshi o‘yinda ular katta hajmdagi ishni bajarishdi. Rostini aytsam, avvalgi o‘yinlarda bunday holatni ko‘rmagandim. Bu jamoa uchun juda yaxshi. Albatta, Marselo va Dani «Real»ning muhim o‘yinchilari sanalishadi», – deya ma'lum qilgan «qaymoqranglilar» jamoasi ustozi.

Iskoning holati haqida
«U «Atletiko»ga Chempionlar Ligasi doirasida kechadigan o‘yinda tushish-tushmasligini keyinroq bilib olasiz. Bu futbolchi a'lo darajadagi sport formasida ekanini hamma ko‘rib turibdi. U «Deportivo»ga qarshi kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Har qanday holatda ham jamoani o‘ylash kerak, bu masala «Atletiko»ga qarshi o‘yin kuni aniq bo‘ladi.

Varanning qaytishi xususida
«Rafaelga kelsak, u Madrid derbisida o‘ynashi mumkin. U «Deportivo»ga qarshi o‘yinda safga qaytgandi, ammo ehtiyot bo‘lish kerak. Yo‘q, u bilan barchasi joyida, lekin biz tavakkal qilishni istamaymiz. U mavsumda ikki marta jarohat oldi. Men bu yana bir bor takrorlanishini istamayman», degan «Real» ustozi.
 

Mavzuga oid
Top