10:53 / 02.05.2017
32179

Britaniyalik tarixchi: “Putin o‘zini barcha tomondan himoyalamoqda”

Foto: AP

Rossiya prezidenti Putin ham kommunistlar, ham rus shohlari xususiyatlariga ega, deya hisoblaydi britaniyalik tarixchi Orlando Fayjyes. U bu haqda Germaniyaning Stern jurnaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

"Hukumat tepasiga eski tizimdagi apparat va KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) xodimi kelgani hayratlanarli emas, - deydi olim. – Menimcha eng qizig‘i, Putin bir tomondan bolsheviklar an'anasi izdoshi, boshqa tomondan esa – u 12 yil avval Rossiyaga Oq armiyaga qo‘mondonlik qilgan va shoh uchun bolsheviklarga qarshi kurashgan general Denikin jasadi qoldiqlarini qaytarishga ruxsat berganidir". Biroq, shu bilan birga Putin, deya davom etgan Fayjyes, “amaldagi tartibga hujumlardan juda qo‘rqadi hamda o‘zini barcha tomondan himoyalamoqda. Shu tariqa, u Mavzoleydan Lenin jasadini olib tashlamadi, bu Lenin tarafdorlari bilan ziddiyatga bormaslik uchun qilindi”.

"KGBdan chiqqan kishi bo‘lgan Putin muxolifat va xiyonatning oldini olish uchun bor e'tiborni nazorat va terrorga qaratgan chekistlar an'analariga to‘g‘ri amal qilmoqda. O‘sha an'anaga muvofiq, bugun Rossiyada huquq himoyasi tashkilotlari va ijtimoiy tarmoqlar, ya'ni fuqarolik jamiyatidan qo‘rqishmoqda, uni nazorat qilib bo‘lmaydi, - deya davom etadi Fayjyes. – Bu aynan lenincha ish ko‘rishdir. U yerda eng asosiysi – istalgan vaziyatda nazoratni saqlab qolish". Shuningdek Putin, tarixchining fikricha,  "o‘ziga Nikolay I obrazini “kiyib ko‘rdi". "Haqiqatdan ham, bu ikki shaxs o‘rtasida o‘xshash jihatlar juda ko‘p. Masalan, Nikolay XIX asrda o‘z mamlakatini, uning fikricha, G‘arbning dahshatli ta'siridan himoya qilishga harakat qildi. U Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan Yevropa davlatlarini o‘z ta'sir hududi, deya hisoblagan. Nikolay Rossiya manfaatlarini ilgari surish va ular uchun hattoki urush, (jumladan Qrimda ham) olib borishga tayyor bo‘lgan shoh edi. Uning shiori shunday edi: "pravoslaviye, yakka hokimiyatchilik, xalqqa yaqinlik". Putin mafkurasi haqida ham xuddi shunday deyish mumkin".

Fayjyes Rossiyani nima birlashtirmoqda, degan savolga shunday javob bergan: “Boris Yeltsin hukumat tepasiga kelib, Rossiyani imperiya emas, balki yangi millat sifatida qayta “uyg‘otishga” harakat qilganida ruslarni uncha ko‘p narsa ham birlashtirmasligini tushunib yetdi. Putin esa boshqa yo‘ldan ketdi: o‘z hamyurtlariga kuchli davlatning bir qismi ekanini his etish imkonini berdi, hamda aftidan, ularga bir-biriga o‘xshashlik bera oldi". "Biroq haqiqatda esa mamlakat kuchsiz. U og‘ir iqtisodiy holatda va demografik inqirozni boshdan kechirmoqda", - deya xulosa qilgan Fayjyes.

 

Top