Bugun Madridning «Real» klubi UYeFA chempionlar ligasi yarim finali dastlabki uchrashuvi doirasida o‘z stadioni «Santyago Bernabeu»da hamshaharlari «Atletiko» klubini qabul qiladi.

 «Real»ga bas kelishda «Atletiko» yarimhimoyachisi Antuan Grizmanning o‘yiniga ko‘p narsa bog‘liq

Toshkent vaqti bilan soat 23:45da start oladigan Madrid derbisi bilan UYeFA chempionlar ligasi yarim final uchrashuvlari boshlab beriladi. Diyego Simeone jamoasi, mana, to‘rtinchi mavsumdirki, ko‘hna qit'aning eng asosiy turnirida «qirollik klubi»ga ro‘baro‘ bo‘lmoqda.

Oldingi uch baslashuvning barchasi «qaymoqranglilar»ning g‘alabasi bilan yakunlangan edi. Boz ustiga ikki bor bu hodisa finalda ro‘y bergan – 2014 yil qo‘shimcha vaqtda — 4:1 va 2016 yil 1:1 (penaltilar seriyasidan so‘ng 5:3). Finalda har ikki marta 90 daqiqa kuchli jamoani aniqlab bera olmagan. 2014/15 yilgi mavsumda esa «Atletiko» chorak finalda yutqazib chiqib ketgan edi. O‘shanda «Santyago Bernubeu»da o‘tgan javob uchrashuvida Chicharitoning 88-daqiqada kiritgan goli hamma narsani hal qilgan edi.

«Real» yarim himoyachisi Isko yangi qarama-qarshilik oldidan eski kurashlarni yodga olar ekan, Lissabonda o‘tgan 2014 yilgi finalda Serxio Ramos tomonidan kiritilgan golga alohida e'tibor qaratdi. Aynan «Real» sardorining qo‘shimcha vaqtda urgan goli «qirollik klubi»ga o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tkazishga imkon yaratgan edi.