O‘zbekiston | 15:05 / 02.05.2017
50863
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vaziri militsiya haqidagi ssenariylar borasida: “Buni chiqarib...”

Foto: Xalqaro press-klub

Ichki ishlar vazirligi adabiyot va kino vakillariga ochiq. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov Toshkent shahrida Xalqaro press-klub tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

“Yaxshi taklif bo‘lsa, haqiqatdan ham qonunga asoslangan, ish faoliyatini yoritishida ko‘chadagi kabi chapanilarcha ish hal qilib ketish emas, balki aynan qonunga asoslangan holda IIV faoliyatini yoritish bo‘lsa, biz hamkorlik qilishga tayyormiz”, - dedi Azizov.

Shuningdek, vazirning ta'kidlashicha, shu sohaga oid ko‘p ssenariylar yuzaki holda, qonun, huquq asoslarini bilmagan holda yoziladi.

“Buni chiqarib sharmanda bo‘lgandan ko‘ra, bo‘lmagan ma'qul deymiz”, - deya aytib o‘tdi IIV rahbari.

Biroq, uning aytishicha, hozirgi kundagi o‘zbek milliy seriallarida yo‘l-harakati xavfsizligi xodimi, profilaktika inspektori faoliyati, pasport stoli bilan bog‘liq ishni yoritish mumkin. 

“Bularning hammasi ssenariy mualliflariga bog‘liq”, - deb xulosa qildi Azizov.

 

 

Mavzuga oid