Bugun Yevropa chempionlar ligasining 1/2 finaliga dastlabki uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Dastlabki uchrashuvda Madridning ikki jamoasi o‘zaro to‘qnash keladi. Tribuna.Uz final ostonasida dastlabki to‘qnashuvga batafsil to‘xtaladi.

«Real» – «Atletiko» (2 may, 23:45, UzReport, Match TV, Match! Futbol 1)

Yevropa chempionlar ligasi finalida ketma-ket to‘rtinchi marta ispan jamoasi finalda o‘ynashi aniq bo‘ldi. Ammo so‘nggi uch yildagi finalda ikki marta kuzatilgan ispancha final bu safar bo‘lmaydi. Chunki o‘tgan yilgi finalchilar bu safar yarim finalda o‘zaro hisob-kitob qilib oladigan bo‘ldi. 

O‘yindan oldin

Atletiko

Diyego Simeone uchun Madrid derbisining eng muhim ikki uchrashuvi faqat yomon xotiralar bilan qolgan. Serxio Ramosning so‘nggi soniyalarda kiritgan goli va ikkinchisidagi birgina 11 metrlik jarima zarbasi o‘yin taqdirini hal qilgan to‘qnashuvlar. «Real»dan YeChLda qabul qilib olinadigan yana bir mag‘lubiyatga Simeone chiday olmasa kerak. Diyego YeChL finalida ketma-ket ikki mag‘lubiyat uning uchun qattiq zarba bo‘lgani, faqatgina chempionlar ligasi unga motivatsiya berib turganini juda ko‘p marotaba ta'kidlab keladi. Navbatdagi mag‘lubiyat uning Madriddagi sabr kosasini to‘ldirib yuborsa kerak.

Foto: Twitter/@atleticomadrid

Real

«Bavariya» «Real» uchun o‘zining kuchiga munosib baho bera olish imkonini yaratdi. Aynan myunxenliklar Zidan jamoasiga qulay bo‘lib chiqdi. «Real» tezkor qarshi hujumlar evaziga raqibni shoshirib qo‘ydi. Albatta, afsus bilan aytish mumkin, bu uchrashuv ko‘proq Viktor Kashshaining hakamligi bilan eslanadi. Ammo hakamlik qanchalik qo‘pol xatolar bilan ko‘ringan bo‘lmasin, «Real» qarama-qarshiliklarda keyingi bosqichga chiqishga haqlidek taassurot uyg‘otgandi. «Atletiko» bu borada aynan o‘ta noqulay raqiblar sirasiga kiradi. Zidan jamoasi ikkinchi raqamda o‘ynashni qanchalik yaxshi ko‘rsa, «matraschilar» bu ishning hadisini olishgan va hamshaharlariga bunday o‘yin ko‘rsatishga bermasligi aniq. Hozirgi «Atletiko» to‘pni nisbatan yaxshi nazorat qiladi. Ammo muhim o‘yinlarda jamoa o‘tgan mavsumda bo‘lgani kabi «Barselona» va «Bavariya»ni musobaqadan chiqarib yuborgan ultrahimoyaviy o‘yin uslubiga tayanib o‘ynashini kutish mumkin.