O‘zbekiston | 21:38 / 02.05.2017
82698
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar qatorasiga 3 kun dam olishadimi?

2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2017 yil 6 may shanba dam olish kunini 2017 yil 8 may dushanba kuniga ko‘chirish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

Qarorga ko‘ra, 2017 yil 6 may shanba dam olish kuni 2017 yil 8 may dushanba kuniga ko‘chirildi va ish kuni deb hisoblandi, 2017 yil 8 may dushanba kuni dam olish kuni deb e'lon qilindi. 

Maslahat.uz guruhida bu borada tushuntirish berilgan:
Besh kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun (shanba rasman dam olish kuni bo‘lganlarga):
6 may (shanba) ish kuni, 7, 8, 9 may (yakshanba, dushanba, seshanba) – dam olish kuni.
Olti kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun:
6 may (shanba) ish kuni, 7, 8, 9 may (yakshanba, dushanba, seshanba) – dam olish kuni.

Talabalar uchun:
6 may (shanba) o‘qish kuni, 7, 8, 9 may (yakshanba, dushanba, seshanba) – dam olish kuni.

Shifokorlarga (o‘qituvchilarga yoki boshqa kasbdagilarga) dushanba ish kuni ekan yoxud dushanba kuni yakshanbaga ko‘chirilibdi, yakshanba ishga/o‘qishga chiqishga majbur ekanmiz, degan gaplarning barchasi noto‘g‘ri.

Prezident qarori bilan 8 may (dushanba) dam olish kuni deb e'lon qilindimi, uni quyi tashkilot rahbarlari o‘zgartira olmaydi. Yoki dushanba kuni hisobiga yakshanba kuni ishga chiqasizlar degan talabni qo‘yishga ham hech kimning haqqi yo‘q.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Mehnat kodeksi 132-moddasiga binoan ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, obektlarni qo‘riqlash, ularning xavfsizligini ta'minlash kabilarga) ko‘ra ishni to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan joylarda, aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati bo‘lgan ishlarda, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta'mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yo‘l qo‘yiladi.

Va zaruriyat tufayli dam olish kunlari navbatchilikda turishi lozim bo‘lgan ayrim xodimlar ham ishga jalb qilinishi mumkin.

Lekin kimda kim dam olish kuni ishga jalb qilinsa, ularga 2 hissa miqdorida haq to‘lanishi kerak (MK 157-modda).

Eslatib o‘tamiz, mart oyida ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan, o‘shanda prezident tomonidan 20 mart (dushanba) dam olish kuni deb e'lon qilingach, aholiga ketma-ket 3 kun davomida dam olish uchun sharoit yaratib berilgandi. O‘shanda avvaliga 19 mart, yakshanba kuni ta'lim muassasalarida o‘qish kuni bo‘lishi, ba'zi tashkilotlarda ish kuni bo‘lishi haqida ma'lum qilingandi. Ammo «Kun.uz» va «Xushnudbek.uz» saytlarining bu boradagi savollaridan keyin ishga chiqish bo‘yicha buyruqlar qaytarib olingan, yakshanba kuni ta'lim muassasalarida odatdagi kabi dam olish kuni bo‘lgandi.

19 mart ish kunimi? Kun savoliga hech kimda javob yo‘q

Yakshanba kuni bir qancha muassasalar xodimlari ishga chiqadi  

Mavzuga oid