10:00 / 03.05.2017
8695

Matbuotchilar ko‘chasidagi favvora e'tibordan chetda qolmoqda

Foto: Kun.uz

«Xalq so‘zi» muxbirlari 1 may kuni «Favvoralar sayli» munosabati bilan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbirlarda bo‘lishdi. Nashrning internet versiyasida «Favvoralar sayli» sarlavhali maqola joylashtirilgan

«Poytaxtimizda joylashgan davlat muassasalari, muzeylar, banklar, restoran va kafelar yonida, bozorlarda, o‘quv muassasalarida, istirohat bog‘lari hamda xalq sayillari o‘tkaziladigan joylarda biri-biridan chiroyli 60 dan ortiq favvoralar mavjud bo‘lib, ular hududda jozibali mikroiqlim yaratgan. 

Tibbiyot mutaxassislarining aytishicha, favvoralar oldida sayr qilish salomatlik uchun foydalidir. Musaffo suv kishiga huzur-halovat bag‘ishlab, kayfiyatini ko‘taradi, charchoqni oladi. Favvora suvi jilosini kuzatadigan insonlarda qon aylanishi va miya -faoliyati yaxshilanadi, asab tizimi tinchlanadi.

Barcha qulaylik mavjudligi tufayli favvoralar atrofi bolajonlar, yoshlar va faxriylar, poytaxtimiz mehmonlari bilan hamisha gavjum. Bunday xushmanzara joylarda maktab, akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, talabalar uchun sayyor darslar o‘tkaziladi, uchrashuvlar belgilanadi, kelin-kuyovlar va ko‘plab sayyohlar suratga tushadi», deyiladi maqolada.

«Favvoralar sayli» poytaxtdagi 13ta manzilda tashkil qilindi. Unda san'atkorlar, shoir hamda yozuvchilar, so‘z ustalari, kino va teatr aktyorlari qatnashdi. Shuningdek, yosh shoirlarning mushoiralari, Toshkent shahridagi «Barkamol avlod» bolalar markazlari, musiqa hamda san'at maktablari o‘quvchilari va yosh rassomlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi, «Kamolot» YoIH faollarining turli tanlov hamda viktorinalari uyushtirildi.

Ma'rifat markazi va Simpoziumlar saroyi, «Bolajon» madaniyat va istirohat bog‘i, «Interneshnl Toshkent» mehmonxonasi, Xadra maydoni, «Istiqlol» san'at saroyi orqa maydoni hamda boshqa hududlarda favvoralar yonida barcha miriqib hordiq chiqardi.

«Biz joylardagi tadbirlarda ishtirok etib, ortga qaytar ekanmiz, Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uy oldida anchadan buyon ishlamay yotgan favvoraga ham orzu-umidlar bilan qarab o‘tdik...», deya yakunlangan maqola.

Mazkur favvora ishlamay qolganiga ko‘p yillar bo‘ldi, oxirgi marta qachon ishlaganini eslaydiganlar topilmadi. 

Qayd etish kerakki, mazkur bino, matbuot jurnalistikasining asosiy nashrlari tahririyatlari joylashgan bino Toshkent shahri hokimiyati tasarrufidadir.

Top