20:49 / 03.05.2017
6441

Putin: Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar normal holatga qaytdi

Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar normal holatga qaytdi.

"Bir muddat avval bizning ikki tomonlama munosabatlar puxtalikka sinovdan o‘tdi. Hozir Rossiya-Turkiya munosabatlaridagi tiklash davri yakunlandi deb ishonch bilan ayta olamiz, biz normal hamkorlik munosabatlariga qaytmoqdamiz", deb aytdi Putin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv yakunlariga bag‘ishlangan matbuot-anjumanda. 

"Turkiya Rossiyaning muhim va istiqbolli hamkori hisoblanadi", deb ta'kidlab o‘tdi Putin. Putinning ta'kidlashicha, Rossiya va Turkiya ikki tomonlama munosabatlar asoslari haqidagi kelishuvga ko‘ra ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlamoqchi. May oxirida bu kelishuvga 25 yil to‘ladi. 

Putin, shuningdek, Erdo‘g‘an bilan savdo-sotiqdagi cheklovlar va to‘siqlarni olish masalalarini, milliy valyutalarda hisob-kitoblarga o‘tish imkoniyatini muhokama qilgan.  

Muzokaralardagi mavzulardan biri energetika sohasi bo‘ldi. Putin "Turk oqimi" gaz quvuri qurilishi haqida eslatib o‘tdi. Shuningdek, Turkiyada "Akkuyu" AESi qurilishi muhokama qilindi.  

Putin va Erdo‘g‘an ikki davlatning iqtisodiy munosabatlaridagi cheklovlar masalalarini kompleks hal qilishga kelishib oldilar. Biroq Putinning ta'kidlashicha, Rossiya va Turkiya munosabatlaridagi ba'zi cheklovlar obektiv sabablarga ko‘ra saqlanib qoladi.   

Putin rossiyalik sayyohlarning Turkiyada xavfsizligini ta'minlash muhimligini ta'kidlab o‘tdi. Putin gumanitar sohadagi hamkorlikka to‘xtalib, 2019 yilda Rossiya va Turkiyada ikki davlat madaniyat va turizm yillarini o‘tkazish belgilanganini eslatib o‘tdi. 

Putin Rossiya Turkiyaning ba'zi toifadagi fuqarolari uchun viza tartibini yumshatishga tayyorligini, biroq ikki davlat maxsus xizmatlari aksilterrorchilik hamkorligini yaxshilash kerakligini ta'kidlab o‘tdi. 

Top